Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya va Norvegiya Ukraina uchun havo mudofaasiga birgalikda to‘laydi
Rossiya havo hujumlari davom etayotgani sababli Ukraina qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa tizimlarini oladi. Germaniya va Norvegiya tegishli xarajatlarni bo‘lishish niyatida, dedi kansler Mers va bosh vazir Styore.

Foto: Uwe Koch/IMAGO
Berlin va Oslo Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlashni birgalikda moliyalashtirish niyatida. 21 iyul, dushanba kuni Berlinda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styore o‘z mamlakati Kiyev mudofaa qobiliyatiga «katta moliyaviy hissa» qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi. Qo‘shma bayonotda har ikki davlat to‘rt yildan beri Rossiya harbiy tajovuzidan o‘zini himoya qilib kelayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini tasdiqladi.
Agentlikning ta’kidlashicha, federal hukumat dastlab AQShdan har biri bir milliard yevroga teng ikkita Patriot tizimini sotib olib, ularni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga yetkazib berishni rejalashtirgan. Biroq, tuzatilgan rejalarga ko‘ra, Bundesver o‘zida mavjud bo‘lgan to‘qqizta Patriot tizimidan ikkitasini avvalo Ukrainaga o‘tkazadi, keyinroq esa Qo‘shma Shtatlardan ularning o‘rnini bosuvchi tizimlarni oladi. O‘zgartirishlar bo‘yicha prinsipial kelishuvga allaqachon erishilgan, ammo tafsilotlarni Vashington bilan kelishib olish kerak, dedi kansler Norvegiyaga xarajatlarning bir qismini o‘z zimmasiga olishga tayyorligi uchun «katta minnatdorchilik» izhor etib.
Germaniya kanslerining so‘zlariga ko‘ra, Germaniya va Norvegiya kelajakda xavfsizlik va qurollanish sohasida yaqindan hamkorlik qilish niyatida. Rossiya harbiy tahdidi munosabati bilan hamkorlikni chuqurlashtirish zarur, dedi u Berlinda Yonas Gar Styore bilan qo‘shma matbuot anjumanida. «Zamonaviy suvosti kemalarini xarid qilish, ulardan foydalanish, o‘qitish va texnik xizmat ko‘rsatish sohasidagi hamkorligimiz yangi standartlarni o‘rnatmoqda», deb ta’kidladi Mers. O‘z navbatida, Styore energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalarini izlash zarurligini aytdi, deb xabar beradi AFP agentligi.
«Strategik texnologiyalar» sohasida Berlin va Oslo «birgalikda dunyo yetakchilariga aylanish» niyatida, dedi Mers. «Norvegiya, masalan, Yevropaning koinotga mustaqil chiqishini ta’minlashga asosiy hissa qo‘shadi», dedi federal kansler va Norvegiyani «kosmosga kirish eshigi» deb atadi.