Jahon | 10:44
1385
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh energetika vaziri: Rossiya neftiga qarshi sanksiyalar «juda real»

AQSh energetika vaziri Raytning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya neft sektoriga qarshi sanksiyalar Moskvaga Kiyev bilan tinchlik bitimini tuzish uchun «eng katta bosim» bo‘ladi.

Kris Rayt Foto: Aaron M. Sprecher/Bloomberg

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish uchun Rossiya neft sektoriga qarshi sanksiyalar joriy etish «juda real imkoniyat». Bu haqda AQSh energetika vaziri Kris Rayt 22 iyul, seshanba kuni Fox News telekanalida ma’lum qildi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Rossiya nefti xaridorlariga 100 foizlik jazo bojlari joriy etishi mumkinligi bilan tahdid qilgandi. Agar Moskva Tramp tomonidan Rossiyaga ajratilgan, sentabr oyi boshida tugaydigan 50 kunlik muddat oxirigacha Kiyev bilan tinchlik kelishuviga rozi bo‘lmasa, bu sanksiyalar kuchga kirishi mumkin.

«Bu Rossiyaga katta bosim», dedi Kris Rayt Fox News telekanaliga bergan intervyusida. «Bu ularga (ruslar) bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng katta bosim». Vazirning eslatishicha, Qo‘shma Shtatlar dunyodagi yetakchi neft va gaz qazib oluvchilardan biri bo‘lib, bu ularga «ilgari tasavvur qilib bo‘lmaydigan» qadamlar qo‘yish imkonini beradi.

21 iyul oqshomida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralarning navbatdagi raundi 23 iyul kuni Istanbulda o‘tkazilishi kerakligini ma’lum qildi. Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bo‘lajak uchrashuvning asosiy mavzulari o‘t ochishni to‘xtatish, yana bir asirlar almashinuvi va Rossiyaga noqonuniy olib ketilgan ukrainalik bolalarni vataniga qaytarish bo‘lishi kerak. Zelenskiy, shuningdek, muzokaralar uning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuviga tayyorgarlikni boshlashini aytdi.

Mavzuga oid