Jahon | 22:59 / 23.07.2025
812
2 daqiqa o‘qiladi

BMT sudi iqlim o‘zgarishini jiddiy tahdid deb tan oldi

Shuningdek, «ekologik toza muhitda yashash» insonning huquqlaridan biri ekanini tasdiqladi.

Foto: Getty images

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro sudi (ICJ) iqlim o‘zgarishini kechiktirib bo‘lmaydigan va ekzistensial (o‘ta jiddiy) tahdid deb topdi, shuningdek, «toza, sog‘lom va barqaror atrof-muhitni» inson huquqlaridan biri deb tan oldi (.pdf).

Xalqaro sud raisi Yuji Ivasova mamlakatlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda hamkorlik qilishi kerakligini aytdi, chunki issiqxona gazlari chiqindilari, shubhasiz, inson faoliyati oqibatida yuzaga keladi va ularning ta’siri davlat chegaralari bilan cheklanmaydi.

BMT sudi qarori majburiy xarakterga ega bo‘lmasa-da va mamlakatlarni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha qandaydir harakatlarga majburlay olmasa-da, bu sohadagi keyingi siyosatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Sud qarori 2019 yilda boshlangan kampaniya bilan bog‘liq. Shu vaqtda Fiji orolida joylashgan Janubiy Tinch okeani universiteti talabalari guruhi Vanuatu hukumatini BMTga tegishli shikoyat bilan murojaat qilishga ko‘ndirgan edi.

2023 yilda BMT Xalqaro suddan ushbu ishni ko‘rib chiqishni talab etuvchi rezolyutsiyani qabul qildi. 2024 yil dekabr oyida ushbu ish bo‘yicha eshituvlar bo‘lib o‘tdi, sudda jami 100 dan ortiq davlat va 12 ta xalqaro tashkilot vakillarining ko‘rsatmalari tinglandi.

Iyul oyi boshida Inson huquqlari bo‘yicha Amerikalararo sud ham odamlar barqaror iqlimga ega bo‘lish huquqiga ega va davlatlar uni saqlab qolish uchun hamma narsani qilishga majbur, degan qarorga keldi.

Mavzuga oid