Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
HAMAS bilan muzokaralardan chiqqan AQSh, Osiyoda yangi to‘qnashuv va Falastinni tan olmoqchi bo‘lgan Fransiya – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

AQSh HAMAS bilan muzokaralardan chiqdi
AQSh prezident Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili va Isroil hukumati 24 iyul kuni G‘azo bo‘yicha HAMAS bilan olib borilayotgan o‘t ochishni to‘xtatish muzokaralarida ishtirok etayotgan jamoalarni Dohadan chaqirib oldi.
Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff HAMAS rahbariyatining javobida «G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga istak yo‘q», deb hisoblamoqda. U shuningdek: «Biz endi garovdagilarni uyga qaytarish va G‘azo xalqi uchun barqarorroq muhit yaratish bo‘yicha muqobil variantlarni ko‘rib chiqamiz», — dedi. Ammo u bu muqobil choralar nimalardan iborat bo‘lishi mumkinligini ochiqlamadi.
Biroq Isroil rasmiylari boshqa ohangda gapirdi: ular delegatsiyaning chaqirib olinishi muzokaralarning to‘xtaganini anglatmasligini ta’kidladi. Quddusda muzokaralardan xabardor bo‘lgan uch nafar rasmiyga ko‘ra, bu muzokaralarda hech qanday uzilish yoki inqiroz yo‘q, balki delegatsiya kelishuv tafsilotlarini muhokama qilish uchun qaytgan.
HAMAS esa noaniqroq ifodalar bilan berilgan bayonotida, «falastinlik guruhlar, vositachilar va do‘st mamlakatlar bilan keng muhokamalardan so‘ng yakuniy javobini taqdim etganini» aytdi va bu javob «ijobiy» bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, HAMAS Uitkoffning bayonotlaridan «hayratda qolganini» bildirgan va «doimiy o‘t ochmaslik kelishuvi sari harakat qilayotganini» aytgan.
Turli bayonotlar shuni anglatadiki, o‘t ochmaslik bo‘yicha kelishuvga erishish hali uzoq davom etishi mumkin. Bir necha hafta oldin Tramp 60 kunlik o‘t ochmaslik bitimi «bir necha kun ichida» imzolanadi, deb e’lon qilgandi. G‘azo bo‘yicha muzokaralarda esa bahslar asosan Isroil armiyasining qayta joylashuvi va mahbuslar almashinuvi shartlari ustida bormoqda.
Uitkoff HAMASni «samimiy harakat qilmayapti» deb aytganiga, va Isroil delegatsiyasining Dohadan qaytarilganiga qaramay, muzokaralar amalda hanuz davom etmoqda va yaqin kunlarda davom etishi kutilmoqda. Buni uch nafar isroillik rasmiy, bir vositachi davlat rasmiysi va bir HAMAS vakili tasdiqlagan, deb yozmoqda New York Times.
Nashr manbalariga ko‘ra, AQSh Isroilni ham ortiqcha qat’iylikdan qaytarishga chaqirib, yashirincha ko‘proq murosaga undayotganini bildirgan. Biroq Netanyahuga eng kuchli bosim Vashingtondan emas, balki o‘z mamlakatidan kelmoqda. Tel-Avivda payshanba kuni kechqurun yuzlab norozilar bir nechta nuqtalarda to‘planib, hukumatdan urushni to‘xtatish va G‘azoda qolayotgan garovdagilarni ozod qilishni talab qilishdi. Mahalliy OAVlarga ko‘ra, o‘n minglab odamlar shahar markazidagi maydonda yig‘ildi.
Rossiya armiyasi Xarkiv markaziga zarba berdi
Rossiya harbiylari Ukrainaning Xarkiv shahri markaziy qismiga yo‘llagan aviazarbasi oqibatida 42 kishi, jumladan, olti nafar bola jabrlandi, deb xabar qildi ushbu oblast ma’muriyati. Jarohatlanganlardan kamida olti nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Shahar meri Igor Terexovning ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar 24 iyul kuni Shevchenkovo rayoni bo‘ylab ikkita yo‘naltiriluvchi aviabomba tashlagan. Bombalardan biri fuqarolik korxonasiga tushgan va u yerda yong‘in boshlangan. Ikkinchisi ko‘p qavatli uy oldida portlab, bu yerda turgan 15 ga yaqin avtomobil yonib ketgan.
«Hech qanday harbiy maqsadsiz mutlaqo ma’nosiz zarbalar. Va ko‘ryapmizki, Rossiyaning yagona istagi — agressiyani, qotillikni davom ettirish. Shuning uchun bizga mudofaada yordam kerak — kuchli havo mudofaasi, qurol ishlab chiqarishni kengaytirish. Bularning barchasi insonlar hayotini himoya qilishga yordam beradi», – dedi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.
U, shuningdek zarba joyida olingan video va suratlarni e’lon qilgan.
Tramp Barak Obamani davlatga xiyonatda aybladi
AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatning sobiq prezidenti Barak Obamani xiyonat va 2020 yilgi saylovlarni soxtalashtirishda aybladi. Bu haqda Tramp Oq uyda jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida aytdi.
«Bu xiyonat edi. Saylovni o‘g‘irlashga urindi. Saylovni chalkashtirib yuborishga harakat qildi. Ular hatto boshqa mamlakatlarda ham hech kim tasavvur qila olmaydigan ishlarni qildi», — dedi Tramp. «Ularning rahbari» deb atagan Obamadan tashqari, u o‘sha paytdagi demokratik nomzod Hillari Klinton va undan oldingi prezident Jo Baydenni 2020 yilgi saylovlarni soxtalashtirishda aybladi.
«Ularning butun guruhi va ular saylovni soxtalashtirishga harakat qildi va ular fosh etildi. Ular 2020 yilda saylovni soxtalashtirdi», dedi Tramp. CNN nashrining yozishicha, AQShda davlatga xiyonat o‘lim bilan jazolanadi.
Tramp o‘z nutqida Milliy razvedka direktori Tulsi Gabbardning o‘tgan hafta e’lon qilingan hisobotiga ishora qildi. Uning xulosasiga ko‘ra, Obama va uning yordamchilari Rossiyaning 2016 yilgi saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinishi bilan bog‘liq «razvedka ma’lumotlarini soxtalashtirgan va siyosiylashtirgan».
Fransiya Falastin davlatini tan oladi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yaqin Sharqda tinchlikka erishish umidida BMT Bosh Assambleyasining sentabr oyidagi yig‘ilishida Falastin davlatini tan olishini ma’lum qildi. Bu reja Isroil va AQShdan keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi.
Makron ushbu qarorini e’lon qilar ekan, Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbosga yuborgan maktubini ham e’lon qildi. Unda Fransiyaning Falastin davlatini tan olish va boshqa ittifoqdosh davlatlarni ham bunga undash niyati bildirilgan.
«Yaqin Sharqda adolatli va barqaror tinchlik yo‘lida tarixiy majburiyatimizga sodiq qolgan holda, men Fransiya Falastin davlatini tan olishini hal qildim», — dedi Makron. «Bu rasmiy bayonotni men kelasi sentabrda BMT Bosh Assambleyasida e’lon qilaman».
Yevropadagi eng yirik yahudiy va musulmon diasporasiga ega Fransiya shunday yo‘l tutgan G‘arbdagi birinchi yirik davlatga aylanishi mumkin — Falastin davlatini tan olayotgan davlatlar asosan Isroilga tanqidiy munosabatda bo‘lgan, kichik davlatlar bo‘lib kelmoqda.
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu bu qarorni «Isroilning eng yaqin ittifoqchilaridan biri va G7 a’zosi bo‘lgan davlat» tomonidan berilgan «terrorchilikni rag‘batlantiruvchi» harakat deb atadi.
AQSh davlat kotibi Marko Rubio bunga javoban shunday dedi: «AQSh Fransiyaning BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatini tan olish rejasini qat’iy rad etadi. Bu xavfli qaror faqat Hamasning targ‘ibotini kuchaytiradi va tinchlikka bo‘lgan harakatni orqaga tortadi. Bu 7 oktabr qurbonlariga urilgan tarsakidir».
Bundan avval, Kanada ham Isroilni tinchlik izlashga chaqirgan edi. Bosh vazir Mark Karni G‘azodagi tez yomonlashayotgan gumanitar falokatning «oldini olmaslikdagi muvaffaqiyatsizlik» deb tanqid qildi va ikki davlatli yechim tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Tailand va Kambodja chegarasida qurolli to‘qnashuv boshlandi
Tailand va Kambodja o‘rtasida bir necha haftadan buyon davom etayotgan chegara mojarosi yirik qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. 24 iyul kuni Tailandning F16 qiruvchi samolyoti Kambodja hududidagi nishonlarga bomba tashladi. Bu to‘qnashuvlar natijasida, kamida 12 kishi, jumladan 11 nafar tinch aholi halok bo‘lgan.
Tailand armiyasining ma’lum qilishicha, mojaroli chegara hududiga jo‘natish uchun tayyorlangan dastlab oltita, keyin to‘rtta F16 samolyotlari Kambodja hududiga o‘tib, harbiy nishonni yo‘q qilgan. Har ikki tomon to‘qnashuvni kim boshlagani bo‘yicha bir-birini ayblamoqda. «Biz harbiy nishonlarga qarshi aviazarbalarni reja asosida amalga oshirdik», dedi Tailand armiyasi rasmiy vakili.
Kambodja Mudofaa vazirligi esa Tailand samolyotlari yo‘lga ikkita bomba tashlaganini bildirar ekan, bu harakatni «Kambodja suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi o‘ta shafqatsiz va mas’uliyatsiz harbiy tajovuz» sifatida keskin qoraladi.
Tailand sog‘liqni saqlash vazirining aytishicha, kambodjaliklar tomonidan amalga oshirilgan artilleriya zarbalari natijasida 11 nafar tinch aholi, shu jumladan bir bola va bir harbiy halok bo‘lgan. Kambodja tomonida talafotlar haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim, hozirda ASEAN raisi sifatida, har ikki tomon yetakchilari bilan gaplashib, mojaro tinch yo‘l bilan hal qilinishini ta’minlashga chaqirdi. Xitoy ham vaziyatdan xavotir bildirib, keskinlikni yumshatish uchun vositachilik qilishga tayyorligini bildirdi.
Tailand va Kambodja uzoq vaqtlardan buyon 817 kilometr uzunlikdagi chegaraning turli belgilanmagan nuqtalarida o‘zaro suverenitet da’volari bilan to‘qnashib kelmoqda. Kambodja fuqarolar urushi davridan qolgan millionlab minalarga ega. Biroq Tailand bu hududga minalar yaqinda qo‘yilganini da’vo qilmoqda, Kambodja esa bu da’volarni «asossiz» deb atagan. Bu mojaro yillar davomida bir necha bor qurolli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan.
Mavzuga oid

13:30 / 24.07.2025
Ilk gipertovushli raketasini taqdim qilgan Turkiya, iqlim o‘zgarishiga baho bergan BMT sudi va Rossiya-Ukraina muzokaralari – kun dayjesti

13:55 / 23.07.2025
JSST omboriga hujum qilgan Isroil, Ahmad ash-Shar’aga uyushtirilgan suiqasdlar va yana YuNeSKOdan chiqayotgan AQSh – kun dayjesti

13:59 / 22.07.2025
Belgiyada hibsga olingan Isroil askarlari, keskinlashgan Boku-Moskva munosabatlari va Bangladeshda qulagan harbiy samolyot – kun dayjesti

19:23 / 21.07.2025