Iqtisodiyot | 13:07 / 25.07.2025
848
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash choralari tasdiqlandi

Prezidentning «Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi majlisi doirasida erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xorijiy investorlar kengashining uchinchi plenar yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslarni tizimli amalga oshirishga qaratilgan.

Kengashga o‘zining faoliyati doirasida ishchi guruhlar tuzish va ular tarkibiga vazirlik va idora rahbarlari (xodimlari)ni jalb etish huquqi berildi.

Ishchi guruhlarning asosiy vazifalari:

  • har oyda kengash kotibiyati bilan hamkorlikda harakatlar rejasi doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazib borish;
  • investitsiya muhitini yaxshilash yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ishtirok etish.

Hujjatda investorlarning takliflarini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi hamda kengashning o‘zbek tomonining yangilangan tarkibi tasdiqlandi.

Asosiy qarorlardan biri – kengash kotibiyatini xalqaro moliya institutlari ishtirokida nodavlat notijorat tashkilotiga aylantirishdir. Kotibiyat investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi, investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi va davlat organlari hamda xususiy sektor bilan hamkorlikni muvofiqlashtiradi. Faoliyat natijalari har chorakda prezident administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etiladi.

Investitsiya jarayonlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Barcha muhim davlat xizmatlari va investitsiya loyihalari haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi «Yagona investitsiya platformasi» axborot tizimi joriy etilmoqda. Ma’lumotlarni joylashtirish va tizimlarni integratsiya qilish uchun vazirliklar, idoralar va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan korxonalar rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.

Qabul qilingan choralar investitsiya muhitini yaratish, xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlash va investitsiyalar sohasida samarali raqamli yechimlarni joriy qilishga qaratilgan.

Mavzuga oid