Jamiyat | 16:21 / 28.07.2025
1856
5 daqiqa o‘qiladi

“Iqtisodni xalq salomatligidan ustun qo‘yishmasin” – zaharlanayotgan navoiyliklar haqida suhbat

19 iyul kuni erta tongdan Navoiy shahrini qalin tutun qoplab oldi. Shaharda yashovchilarga ko‘ra, tutun o‘tkir hidli bo‘lib, yo‘tal qo‘zg‘agan edi. 21 iyulga o‘tar kechasi esa Toshkent shahrining Olmazor tumanida vodorod peroksidi zaharli gazsimon moddasining havoga sizib chiqishi kuzatildi. Shu yilning may oyida Qo‘qondagi korxonadan suyuq ammiak sizib chiqib, atrof-muhit va odamlar hayotiga xavf solgandi. Kun.uz oxirgi texnogen hodisalar fonida yurtdoshlarimiz bilan gaplashdi. O‘pkamiz ham, sabr kosamiz ham to‘ldi, deydi navoiyliklar.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

19 iyul kuni erta tongdan Navoiy shahrini qalin tutun qoplab oldi. Shaharda yashovchilarga ko‘ra, tutun o‘tkir hidli bo‘lib, odamlarning yashashi va nafas olishi uchun noqulayliklar tug‘dirardi. Ayniqsa, tomoq qichib, yo‘tal qo‘zg‘agan edi. 21 iyulga o‘tar kechasi esa Toshkent shahrining Olmazor tumanida vodorod peroksidi zaharli gazsimon moddasining havoga sizib chiqishi kuzatildi. Air Tashkent datchiklari havo holatini o‘ta xavfli deb baholadi. Bu xuddi sirka moddasini hidlagandek gap edi. Shu yilning may oyida esa Qo‘qondagi korxonadan suyuq ammiak sizib chiqib, atrofdagi fuqarolar va ishchilar joyidan favqulodda ko‘chirilgan. Tez-tez guvoh bo‘layotganimiz bu kabi voqea-hodisalarning inson salomatligiga ta’siri va ekologik oqibatlari jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz oxirgi texnogen hodisalar fonida ikki navoiylik, iqlimshunos hamda shifokorga quloq tutdi. Navoiydan ulangan viloyat fiziatriya va pulmonologiya markazi xodimiga ko‘ra, shaharda havoning ifloslanish darajasi o‘ta yuqori hamda bu davomli. 19 iyuldagi holat biroz bartaraf etilgan bo‘lsa-da, navoiyliklar baribir zaharlanayotganidan xavotirda.

“O‘sha kuni odatdagidek ertalab 7-7:30 lar chamasi men ishga ketayotgan paytimda atrofni quyuq tutun qamrab olgandi. Uyim ko‘cha boshidan 50 metr narida joylashgan bo‘lsa-da, yo‘l boshini ko‘ra olmadim. Hamma xavotirda va hamma asabiy, ishga jamoat transportida qatnayman va avtobuslarda hamma shuni muhokama qilyapti. Biz navoiyliklarning o‘pkasi zaharga to‘ldi, sabr-kosasi ham to‘lib bo‘ldi”, deydi Muzaffar Toshtemirov.

Navoiydagi zaharli havodan odamlar qiynalayotganini ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifalarida yoritgan bloger Yulduzxon Olimovaga ko‘ra, oradan 1 hafta o‘tdiki, hech kim xalqqa tushuntirish bermagan.

“Oradan mana, shuncha kun o‘tdi, lekin hech kim bizga biror munosabat bildirmadi. Avvaliga, biz buni tuman deb o‘yladik, lekin zaharli tutun ekan. Nafas olish qiyinlashyapti, ko‘zlarimiz achishyapti, ertalab dam olib emas, balki charchab uyg‘onyapmiz”, - deydi Yulduzxon Olimova.

Dastavval odamlar ham bu tutunning sababchisi «Navoiyazot» AJ deb o‘ylashgan. Suhbatdoshimiz Muzaffar Toshtemirovga ko‘ra, hali-hanuz xalq uchun «Navoiyazot» aybdor. Biroq rasmiylarning aytishicha elektroapparat hududidagi ba’zi korxonalar birgalikda atmosferani shu qadar ifloslagan. Tahlil ishlari olib borilganda atmosfera tarkibida ammiak 1,4 baravar, vodorod sulfidi esa 16,8 baravar me’yordan yuqoriligi aniqlangan. Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi dastavval bunda «Navoiyazot»ni ayblagan bo‘lsa-da, korxona vakillari tutun shaharga g‘arbiy hududdan kirib kelganini aytdi.

Vazir Aziz Abduhakimov ham zaharli tutun «Navoiyazot»dan chiqmaganini tasdiqladi. Iqlimshunos Erkin Abdulahatovga ko‘ra Navoiy, Toshkent, Qo‘qonda bo‘lgan texnogen hodisalar – xavf-xatarlar ko‘payib borayotganini isbotlaydi. Biroq ana shunday favqulodda holatlarda harakatlanish sxemasini qonunchilikka muvofiq olib borish kerak. Aks holda idoralararo sansalorlik muhiti paydo bo‘ladi.

Iqlimshunosning qo‘shimcha qilishicha, Navoiydagi holatga 1 haftadan oshiq vaqt o‘tarkan, aholi rostdan ham norozi va zararlanish darajasi katta ekan, tezkor shtab tuzilishi va ana shu shtab tarkibida esa har bir mas’ul idoradan vakil bo‘lib, aholiga vaqti-vaqtida ma’lumotlarni ulashib turishi kerak edi.

Suhbatni Kun.uzʼning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid