Jamiyat | 14:36 / 28.07.2025
10127
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda bir oilaning uch a’zosi cho‘kib ketdi

Aqchako‘l suv havzasida 36 yoshli ayol hamda uning 10 va 13 yoshli qizlari cho‘kib ketdi. Oila a’zolari ko‘lga shaxsiy qayig‘i bilan tushgan, biroq ko‘l o‘rtasiga borganda ehtiyotsizlik oqibatida halokat ro‘y bergan, qayiqdagi faqat bir kishi – ota tirik qolgan. Holat yuzasidan jinoiy ish ochildi.

Foto: Xabar.uz

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a va Beruniy tumanlari orasida joylashgan Aqchako‘l suv havzasida bir oilaning uch nafar a’zosi cho‘kib ketdi. Bu haqda Kar24.uz telegram-kanalida xabar berilgan.

Qayd etilishicha, 23 iyul kuni soat 15:00 atrofida Beruniy tumanida yashovchi 38 yoshli erkak Aqchako‘l ko‘liga turmush o‘rtog‘i farzandlari va jiyanlari bilan dam olish maqsadida borgan. Ular ko‘lga shaxsiy qayiqda tushishgan, biroq ko‘l o‘rtasiga yetishganida ehtiyotsizlik oqibatida qayiq ag‘darilib ketgangan.

Natijada oila boshlig‘ining 36 yoshli turmush o‘rtog‘i Z.R. hamda 10 va 13 yoshli qizlari suvga cho‘kib, voqea joyida vafot etgan.

Qidiruv-qutqaruv ishlari natijasida ikki nafar fuqaroning jasadi o‘sha kuniyoq topilgan. Uchinchi shaxsning jasadi deyarli ikki kun o‘tib suvdan olib chiqilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 102-moddasi (Ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan (ehtiyotsizlik orqasidan ikki va undan ortiq odam o‘ldirish 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi).

Mavzuga oid