Jamiyat | 20:35 / 28.07.2025
3602
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida qizining nomusiga tekkan ota 12 yilga qamaldi

Toshkent viloyatida o‘z qizini zo‘rlab kelgan otaga nisbatan 12 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi qiz doimiy himoya ostida ekanini qayd etib, tiklanish jarayonidan o‘tayotganini ma’lum qildi.

Toshkent viloyatida ota o‘z qizini zo‘rlab kelgani aniqlandi, deya xabar qildi Ijtimoiy himoya milliy agentligi.

Ta’kidlanishicha, oilaning ijtimoiy maqomini belgilash va ehtiyojmandlar ro‘yxatiga kiritish maqsadida agentlikning ijtimoiy xodimi xizmat ko‘rsatish doirasida oila a’zolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga yuboradi. Aynan shu ko‘rik qizaloq avval gapira olmagan voqealarni ochiqlashga turtki bo‘lgan. Shundan so‘ng rasmiy tergov jarayoni boshlangan.

Qizaloqning xavfsizligini ta’minlash maqsadida u vaqtincha oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan. Kompleks baholash natijasida onasi qaromog‘iga topshirilgan.

«Hozirda u doimiy himoya ostida bo‘lib, tiklanish jarayonidan o‘tmoqda. Unga tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda»,  deyiladi agentlik xabarida.

24 iyul kuni sud qaroriga ko‘ra, erkak o‘z farzandiga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topildi. Sud tomonidan unga Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismi, «a», «b», «e» bandlari (o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan yaqin qarindoshning nomusiga tegish og‘ir oqibatlarga olib kelsa) asosida 12 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid