Iqtisodiyot | 15:52 / 29.07.2025
4005
4 daqiqa o‘qiladi

Soliqchilar QQSni qaytarishda sovitkichdan olingan suvni ham puflab ichyapti - Qudbiyev

Soliq idoralarining 32 xodimi QQSni qaytarish bilan bog‘liq tarzda jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda aytgan Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev xodimlardagi ehtiyotkorlikni obrazli tarzda ifodaladi: “Sovitkichdan sovuq suvni olyapti-da, uni puflab, keyin shu suvning sovuqligi to‘g‘risida ma’lumotnoma ham so‘rab olyapti”. Qudbiyev QQSni oson qaytarib olish uchun AAA reytingini olishni tavsiya qildi.

Sherzod Qudbiyev / Savdo-sanoat palatasi YouTube kanalidagi jonli efirdan

28 iyul kuni transport-logistika sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda logistika kompaniyalaridan birining ta’sischisi fevral oyidan beri 750 mln so‘mlik QQSni soliq organidan qaytarib olomayotganidan shikoyat qildi.

Bunga javoban Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev soliqchilar QQSni qaytarish masalasida juda ehtiyotkor bo‘lib qolishganini aytdi.

“Budjetning pulini noto‘g‘ri qaytarib bersa, qamaladi. Shu tomoni ham bor-da. Bilasizmi, bu juda og‘ir masala. Mana, soliq idoralarining 32 ta xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi, aynan shu QQSni qaytarib berishdagi ayrim joydagi xatolari, ayrim joydagi o‘zining poraxo‘rligi sababli. Shuning uchun QQSni qaytarishda [soliqchilar] suvni puflab ichyapti. Sovitkichdan sovuq suvni olyapti-da, uni puflab, keyin qo‘shnisidan ham so‘rab olyapti: “Shu suvning sovuqligi to‘g‘risida ma’lumotnoma ber” deb. Shu darajada bo‘lib qoldi”, – dedi Qudbiyev.

U qo‘mitaning QQS boshqarmasi boshlig‘i Ravshan Imomovga tadbirkorning solig‘i 7 oydan beri nima uchun qaytarilmayotganini o‘rganib chiqishni topshirdi: “Yo yana bironta ahmoq pora so‘rayapti, yoki bularning o‘zida xato-kamchiligi bor. Shu ikkalasidan bittasi. O‘rganib, menga axborot beringlar”.

Sherzod Qudbiyev tadbirkorga yuzlanar ekan, QQSni oson va tez qaytarib olish uchun barqarorlik reytingini eng yuqori – AAA toifagacha ko‘tarishni tavsiya qildi.

“Reytingingizni AAAga ko‘tarib olsangiz, soliq idorasi o‘rganib ham o‘tirmasdan, QQS avtomatik qaytariladi”, – dedi u.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Bunga javoban tadbirkor: “AAAga tushsangiz, orqasidan kameral [tekshiruv] kelarkan”, dedi. Soliq qo‘mitasi raisi bu gapga umuman qo‘shilmasligini bildirdi.

“Men bu kinoyangizga umuman qo‘shilmadim. Siz O‘zbekiston Respublikasining normativ hujjatlari ustidan kulishga haqqingiz yo‘q. Prezidentimizning qarori bor. Kinoya qilmang, aka, men sizga kinoya qilish uchun bu masalani aytayotganim yo‘q. Xato-kamchiligim bor ekan deb o‘zingiz aytib turibsiz, keyin ketidan kinoya qilishingiz... Soliq idorasida 9300 ta odam ishlaydi. Ular bir tomondan nazorat qiluvchi organ, lekin ikkinchi tomondan, og‘ir peshona ter bilan ishlaydi. Iltimos, kinoya qilmang. Bu – birinchidan.

Ikkinchidan, prezidentimiz shunaqa imkoniyat yaratib berganlarki, reytingi AAA bo‘lgan tadbirkorlik su’bektiga nisbatan tekshirish bo‘yicha buyruq soliq organlarining dasturlarida shakllanmaydi. Shunaqa tizim o‘rnatilgan. Shuning uchun bu kinoyangizga men umuman qo‘shilolmayman. Lekin QQSingizni qaytarib berishda 7 oydan beri tadbirkorni sansalorlikka solgani bo‘yicha menga bugunoq axborotini beringlar”, – dedi Sherzod Qudbiyev.

May oyida Davlat xavfsizlik xizmati 82 mlrd so‘mlik QQS tadbirkorlarga noqonuniy qaytarilgan degan ayblov bo‘yicha jinoyat ishi ochilganini ma’lum qilgandi. DXX xabarida soliq idoralarining ayrim mansabdor shaxslari moddiy manfaatdorlik evaziga 18 ta firmaning barqarorlik reytingini soxta ma’lumotlar orqali ko‘tarishgani haqida so‘z boradi.

Bundan tashqari, 2024 yil oxirida Soliq qo‘mitasi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori va yana 29 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi chiqarilgan, bu jinoyat ishi eksport bilan bog‘liq soxta amaliyotlar tashkil etish orqali QQSning salbiy farqini davlat budjetidan qaytarish sxemasiga doir edi.

Mavzuga oid