Jahon | 22:56 / 29.07.2025
3720
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp qanday shartlarda Xitoyga borishi mumkinligini aytdi

Oq uy rahbari Xitoy raisi Si Jinping bilan «uchrashuv» uchun imkoniyat izlayotganini rad qildi.

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashishga intilmasligini aytdi. Shu tariqa, u mamlakatlar o‘rtasida shu hafta bo‘lib o‘tadigan tariflar bo‘yicha muzokaralar yetakchilar uchrashuviga zamin yaratishi mumkinligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda The Hill yozdi.

«Feyk xabarlarda aytilishicha, men Xitoy raisi Si Jinping bilan «uchrashuv» uchun imkoniyat izlayapman. Bu yolg‘on, men hech narsa qidirmayapman!», deb yozdi Tramp Truth Social tarmog‘ida.

Uning ta’kidlashicha, Xitoyga borishi mumkin, biroq «faqat prezident Si taklifiga ko‘ra».

Nashrning eslatishicha, shu hafta Stokholmda AQSh moliya vaziri Skott Bessent ishtirokida AQSh va Xitoy o‘rtasida savdo muzokaralari bo‘lib o‘tmoqda.

Avvalroq, Si Jinping sentabr oyida Tramp va Putin bilan uchrashuv tashkillashtirishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. The Times nashrining yozishicha, u AQSh prezidentini Ikkinchi jahon urushi tugaganiga bag‘ishlangan tadbirga taklif qilmoqchi. Shuningdek, ushbu tadbirda Putin ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Tramp Si Jinping o‘zini allaqachon Xitoyga taklif qilganini tasdiqlagan.

«Bizda ko‘plab ehtimoliy uchrashuvlar rejalashtirilgan. Meni Xitoyga taklif qilishdi va biz katta ehtimol bilan u yerga boramiz. Bu hali unchalik yaqin emas, lekin unchalik uzoq ham emas. Ko‘plab yetakchilar taklifnoma yo‘lladi va biz yaqin orada tegishli qarorlarni qabul qilamiz», dedi Tramp 22 iyulda jurnalistlarga.

Mavzuga oid