Jahon | 11:15 / 30.07.2025
1327
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azo sektorini to‘liq anneksiya qilish masalasini ko‘rib chiqmoqchi

Isroil hukumati HAMAS o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh torsa, G‘azo sektorini anneksiya qilish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Isroil HAMASga bir necha kun muhlat beradi va u rad etilgan taqdirda bosqichma-bosqich anneksiya qilishni boshlaydi, deb yozadi Haaretz.

Foto: TASS

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasiga G‘azo sektorini to‘liq qo‘shib olish rejasini taqdim qilmoqchi, deb xabar berdi Isroilning Haaretz gazetasi manbalarga tayanib. Isroil Falastinning HAMAS harakatiga o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi uchun bir necha kun muhlat berayotganini e’lon qiladi, agar u rad etsa, Falastin hududlarini bosqichma-bosqich anneksiya qilishni boshlaydi, deya ta’kidlaydi gazeta.

Haaretz manbalariga ko‘ra, avval bufer zonadagi hududlar, so‘ngra G‘azo sektorining shimoliy qismidagi Isroilning Sderot va Ashkelon shaharlariga tutash hududlari qo‘shib olinadi. Jarayon butun mintaqa anneksiya qilinmaguncha davom etadi. Netanyahu vazirlarga AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bu rejani qo‘llab-quvvatlashini aytdi, deb yozadi Haaretz.

Gazeta manbalarining bildirishicha, Isroil moliya vaziri, o‘ta o‘ng siyosatchi Betsalel Smotrich, G‘azoni anneksiya qilish rejasi amalga oshirilsa, Netanyahuga hukumatda qolishga va’da bergan. Avvalroq Smotrich va milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir agar hukumat G‘azo sektorida HAMAS butunlay yo‘q qilinmaguncha o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, iste’foga chiqish va hukmron koalitsiyani parchalash bilan tahdid qilgan edi.

The Times of Israel gazetasining Isroil televideniyesining 12-kanaliga tayanib xabar berishicha, Isroil vazirlar mahkamasi G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatish, jumladan, to‘liq bosib olish uchun bir nechta variantni ko‘rib chiqmoqda. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS harakat qilayotgan hududni anneksiya qilish yoki shaharlarni blokadaga olish imkoniyati bir kun avval harbiy-siyosiy vazirlar mahkamasining qisqartirilgan formatdagi majlisida muhokama qilinishi kerak edi.

Mavzuga oid