O‘zbekiston | 19:40 / 30.07.2025
10316
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda yo‘lovchi poyezdi yuk mashinasi bilan to‘qnashdi

Oqibatda teplovoz relsdan chiqib ketdi. Jabrlanganlar yo‘qligi ta’kidlanmoqda.

Foto: IIV

30 iyul kuni Qoraqalpog‘istonda yo‘lovchi poyezdi yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 30 iyul kuni Baday va Beruniy stansiyalari o‘rtasidagi 592-kilometrda joylashgan qo‘riqlanmaydigan temiryo‘l kesishmasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, «KamAZ» yuk mashinasi yo‘l harakati qoidalariga e’tibor bermay, «Andijon - Qo‘ng‘irot» yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan yo‘lovchi poyezdi oldidan o‘tishga uringan. Hodisa oqibatida yuk mashinasi va poyezd o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘lgan va teplovoz relsdan chiqib ketgan. Ta’kidlanishicha, to‘qnashuv oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

Temiryo‘lchilar hodisa joyiga yetib borib, poyezd yo‘lovchilari 6 ta avtobusda Nukus va Qo‘ng‘irot shaharlariga jo‘natilgan.

Tezkor guruh surishtiruv olib bormoqda.

Mavzuga oid