Jahon | 07:47 / 30.07.2025
772
3 daqiqa o‘qiladi

Ural va Sibirda internet ishida ommaviy uzilishlar yuz berdi

Uralda mobil internet ishlamay qoldi. Krasnoyarskda uch kundan beri blokirovka davom etmoqda.

Foto: Imago

Uralda mobil internet ishlamay qoldi. Downdetector resursi ma’lumotlariga ko‘ra, Yekaterinburg, Chelyabinsk, Nijniy Tagil, Novouralsk va boshqa shaharlar aholisi ommaviy ravishda uzilishlar haqida shikoyat qilmoqda. Oxirgi 24 soat ichida 3000 dan ortiq so‘rovlar qayd etilgan: odamlar xarid qilish uchun veb-saytlar va ilovalarni ochish imkoni yo‘qligini bildirgan. Yekaterinburglik foydalanuvchining yozishicha, mobil internet muntazam ravishda, ayniqsa kechki payt yo‘qolib qolyapti.

26 iyuldan beri mobil aloqa va internetda uzilishlar kuzatilayotgan Krasnoyarskda ham xuddi shunday muammo. So‘nggi 24 soat ichida Krasnoyarsk aholisidan deyarli 5 mingga yaqin shikoyat kelib tushdi. Uyali aloqa operatorlari Mash'ga muammolar ularning aybi bilan emas, balki rasmiylar tomonidan kiritilgan xavfsizlik choralari tufayli yuzaga kelganini aytdi. Uzilish taksi narxlarining uch baravar oshishiga olib keldi: internetsiz tizimlar safar narxini to‘g‘ri hisoblay olmaydi va ilova kamroq mashinalarni ko‘rsatadi.

Krasnoyarsk o‘lkasi rasmiylari «Prospekt mira» nashriga «bu masala bo‘yicha hech qanday ma’lumotga ega emasligini» aytib, mobil internetning uzilishi haqida izoh berishdan bosh tortdi. Roskomnadzorning hududiy boshqarmasi federal idora matbuot xizmatiga murojaat qilishni tavsiya etdi. U yerda nashrning qo‘ng‘iroqlariga hech kim javob bermadi: telefon signali o‘rniga Don’t Worry, Be Happy qo‘shig‘i yangragan.

Rasmiylar may oyida Ukraina dronlarining hujumlari tufayli mobil tarmoqlarni faol ravishda bloklashni boshladi. O‘shanda chora-tadbirlar Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligini nishonlash vaqtida xavfsizlikni ta’minlash zarurligi bilan izohlangan edi. Biroq, keyin uzilishlar muntazam bo‘lib ketdi va Davlat dumasi rossiyaliklarga bunga ko‘nikishni va shikoyat qilmaslikni maslahat berdi, chunki mamlakat «gibrid urush» holatida va xavfsizlik «kundalik qulaylik»dan yuqori bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid