Jahon | 14:11 / 31.07.2025
10922
8 daqiqa o‘qiladi

Ashxobodning vayronaga aylanishidan Andijondagi fojiagacha – yaqin tarixdagi eng dahshatli zilzilalar

30 iyul kuni Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Kamchatka yarimoroli yaqinida 8,8 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat binolarga jiddiy zarar yetkazdi va 4 metr balandlikdagi sunamini yuzaga keltirdi. Ushbu zilzila yer yuzida qayd etilgan kuchli yer silkinishlari qatoriga kirib, oltinchi o‘rinni egalladi. Kun.uz e’tiboringizga yaqin tarixdagi eng katta talafotlar keltirgan zilzilalar haqida ma’lumotlarni havola etadi.

Foto: Kun.uz

Turkiya (2023 yil)

2023 yilning 6 fevral tongida Turkiyada 7,8 magnitudali zilzila sodir bo‘lib, 53 mingdan ortiq odam halok bo‘ldi. Shuningdek, qo‘shni Suriyada ham 9 mingga yaqin kishining o‘limi qayd etilgan.

Tabiiy ofat Turkiyaning 11 ta viloyatida vayronagarchiliklarga olib keldi va 14 millionga yaqin fuqaroga bevosita ta’sir ko‘rsatdi. Butun mamlakat bo‘ylab 7 kunlik milliy motam e’lon qilindi.

Zilzila oqibatida Turkiya iqtisodiyotiga yetkazilgan zarar miqdori qariyb 84 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lishi mumkin. 

Yaponiya (2011 yil)

So‘nggi yillardagi eng vayronkor zilzilalardan biri, shubhasiz, 2011 yilning 11 mart kuni Yaponiya sohillari yaqinida sodir bo‘lgan tabiiy ofatdir. Sohildan 72 km masofada, 30 km chuqurlikda kechgan tebranishlar magnitudasi 9 ballni tashkil qiladi. 6 daqiqa davom etgan zilzila natijasida balandligi 40 metrdan ortiq sunami ko‘tariladi va aynan u eng katta talafotlarga sabab bo‘ldi. Senday aeroportini suv bosadi,  «Fukusima» atom elektr stansiyasida esa avariya yuz beradi.

Rasmiy hisobotda bevosita qurbonlar soni 15 ming 892 kishi bo‘lgani, 6 mingdan ortiq odam jarohatlangani keltirilgan. Mazkur tabiiy ofat yapon iqtisodiyotiga 198 mlrddan 309 mlrd dollargacha zarar keltirgani hisoblab chiqilgan.

Foto: Britannica.com

Haiti (2010 yil)

2010 yilning 12 yanvarida Karib dengizi havzasida joylashgan Haiti davlatida juda kuchli yer silkinishi yuz berdi. Zilzila episentri mamlakat poytaxti Port-o-Prensdan 22 km janubi-g‘arbda, gipomarkazi 13 km chuqurlikda joylashgandi. 7 magnitudali asosiy silkinishdan so‘ng ko‘plab zilzilalar qayd etildi, jumladan, ularning 15 tasi 5 magnitudadan yuqori edi. Olimlarga ko‘ra, Haitidagi zilzila Karib dengizi va Shimoliy Amerika litosfera plitalari o‘rtasidagi aloqa zonasida yer qobig‘ining harakati natijasida yuz bergan.

2010 yil martdagi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 222 ming 570 kishini tashkil etgan, 311 ming kishi jarohatlangan yoki mayib-majruh bo‘lib qoladi, bundan tashqari 869 kishi bedarak yo‘qolgan. Moddiy zarar 5,6 milliard yevroga baholangan.

Hind okeanidagi zilzila (2004 yil)

2004 yil 26 dekabrda Hind okeanidagi Sumatra oroli yaqinida sodir bo‘lgan zilzila 230 mingga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘ldi. Asosiy zarar seysmik faollik natijasida yuzaga kelgan sunamidan kelib chiqadi. Zilzila magnitudasi 9,1 dan 9,3 gacha bo‘lgan va sunami to‘lqinlari 14 davlat qirg‘oqlarigacha yetib boradi. Natijada balandligi 20 metrdan oshgan to‘lqinlar qayd etilgan. XXI asrning eng halokatli tabiiy ofati sifatida baholanadigan mazkur zilzila 12 milliard dollardan ko‘proq iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘ladi.

Foto: Google Photos

Armaniston (1988 yil)

1988 yil 7 dekabrda Sovet Ittifoqi tarixidagi eng dahshatli zilzilalardan biri Armaniston SSR shimoli-g‘arbidagi Spitak shahrida yuz berdi. Zilzila kuchi Qora dengizdan Kaspiy dengizigacha bo‘lgan ulkan hududga seziladi. Spitak shahri 30 soniya ichida butunlay vayronaga aylanadi. Yer silkinishlari magnitudasi 6,8 ballni, zilzilaning yer yuzidagi ta’sir kuchi esa 9-10 ballni tashkil qilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida 25 ming kishi halok bo‘ladi, 140 mingga yaqin odam jiddiy jarohatlangan, 514 ming kishi boshpanasiz qoladi. Umumiy zarar taxminan 10 milliard sovet rublini tashkil etgan.

Foto: Eurasia.net

Xitoy (1976)

1976 yil 28 iyulda Xitoyning Tanshan shahrida 8,2 magnitudali dahshatli zilzila sodir bo‘ladi. Dastlabki silkinishlar natijasida shaharning 90 foiz qismi vayronaga aylanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat 242 ming 419 kishini hayotdan olib ketadi. Norasmiy ma’lumotlarda esa qurbonlar soni 655 ming kishigacha yetgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinadi. Qurbonlar sonining juda ham ko‘pligi zilzila tunda sodir bo‘lgani bilan bog‘liq.

Zilzila natijasida shahar yer bilan bitta bo‘lib tekislandi, butun bir kasalxona va hatto yo‘lovchi poyezdi ulkan yoriqlarga kirib ketdi. Bunday yoriqlar hozirgacha ayrim hududlarda saqlanib qolgan. Tanshanni qayta tiklashga qariyb 10 yil vaqt ketadi.

Chili (1960 yil)

1960 yil 22 mayda Chilida insoniyat tarixidagi eng kuchli zilzilalardan biri sodir bo‘ladi. Uning magnitudasi 9,5 ball bo‘lib, yer silkinishlari 200 ming kvadrat kilometr maydonda sezilgan. Bundan tashqari, zilzila Yaponiya va Filippin qirg‘oqlariga yetib borib, 10 metrli sunamiga sabab bo‘ladi.

Ushbu yer silkinishida o‘limlar soni boshqa shunga o‘xshash ofatlarga qaraganda ancha kam bo‘lgan. 1655 kishi tabiiy ofat qurboni bo‘lgan, 3 mingga yaqin kishi jarohat olgan, yana 2 million kishi boshpanasiz qolgan, yetkazilgan zarar yarim milliard dollarga baholangan.

Foto: National Geographic Society

Bundan tashqari, 1939 yil Turkiyaning Erzinjan shahrida yuz bergan 7,8 magnitudali zilzila 33 mingga yaqin, 1923 yil Yaponiyaning Kanto mintaqasidagi 8,3 magnitudali yer silkinishi 174 ming kishi, 1920 yilda Xitoyning Xayyuan tumanidagi 7,8 magnitudali tabiiy ofat 270 mingga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan.

Yaponiyaning Kanto hududidagi zilzila

Markaziy Osiyo hududidagi dahshatli zilzilalar

Markaziy Osiyo seysmik jihatdan faol mintaqa hisoblanadi. Ayniqsa Farg‘ona vodiysi, Pomir tog‘lari, Tyan-Shan tizmalariga yaqin hududlarda yer silkinishlari tez-tez kuzatiladi.

Andijon zilzilasi (1902 yil)

1902 yilning 3 dekabr kuni Andijonda Markaziy Osiyodagi eng kuchli zilzilalardan biri sodir bo‘ladi. Ketma-ket kuchli yer silkinishlari natijasida barcha ma’muriy binolar, turar joy binolari, do‘konlar, sanoat muassasalari vayronaga aylanadi.

Zilziladan keyingi jome madrasasining old qismi. Foto: D. Anuchin

Tarixiy hujjatlarda zilzila magnitudasi – 6,4, maksimal shiddati –  9 ballni tashkil etgani keltirilgan. Qurbonlar soni 4 ming 652 kishi bo‘lgani, 7000 ga yaqin qoramol o‘lgani qayd etilgan. Manbalarda adirdagi yer yorilib, undan bir necha daqiqa neft, gaz va sizot suvlar qum aralash otilib turgani haqidagi ma’lumotlar ham uchraydi.

Foto: D. Anuchin

Ashxobod zilzilasi (1948 yil)

Sobiq ittifoq tarixidagi eng dahshatli zilzila sifatida qayd etilgan. 1948 yilning oktyabr oyida sodir bo‘lgan 7,3 magnitudali tabiiy ofat kuchi 9 ballni tashkil etgan. SSSR rejimining yopiqligi sabab halok bo‘lganlar haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Manbalarda ularning soni 110 ming kishiga yetgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar uchraydi. Yer silkinishi boshlanganida yarim tun bo‘lgan, bu esa qurbonlar soni nihoyatda ortishiga sabab bo‘lgani aytiladi.

Toshkent zilzilasi (1966 yil)

1966 yil 26 aprel tonggi 5:23 da Toshkent shahrida episentrdagi yer yuzasida seysmik ta’siri 8 balldan ortiq dahshatli zilzila ro‘y beradi. 10-12 soniya davom etgan zilzila talafot maydoni 10 kilometrga yetgan. Bu shaharni to‘liq yo‘q qilib yubormagan. Uylar yorilgan, o‘nlab jamoat binolari qulab tushgan. 300 mingdan ortiq aholi boshpanasiz qoladi.

Toshkent zilzilasida 200 ming kishi jarohat olgani aytiladi. Biroq qurbonlar soni rasman haligacha ochiqlanmaydi. Ayrim manbalarda ularning soni 15 kishini tashkil etgani keltiriladi.

Mavzuga oid