O‘zbekiston | 09:11 / 31.07.2025
1401
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ombudsmaniga yuborilgan murojaatlarning katta qismi Rossiya hududlariga to‘g‘ri keldi

O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Foto: "Dunyo" AA

Ombudsman matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida tomonlar fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, qiynoq holatlarini aniqlash va bartaraf etish, penitensiar muassasalarda inson huquqlarini ta’minlash va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun munosib sharoitlarni yaratish, migrantlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash sohasida olib borilayotgan tizimli islohotlar, xususan, ombudsman institutining qonunchilik asoslarining mustahkamlanishi, so‘nggi yillarda aholiga yaqin, ta’sirchan va mustaqil institut sifatida shakllangani alohida qayd etildi. Faoliyatning kengayishi, jamiyatning barcha qatlamlariga yaqinlashuvi, elektron platformalar va mobil ilovalar inson huquqlarini himoya qilishdagi samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda. Bu esa milliy darajadagi o‘zgarishlar bilan birga, xalqaro maydonda ham ombudsman institutining obro‘sini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.

O‘zbekiston va Rossiya ombudsmanlari o‘rtasida 2019 yilda hamkorlik memorandumi imzolangan. Ushbu memorandumdan doirasida O‘zbekiston parlamenti ombudsmani tomonidan Rossiyaga bir necha marotaba xizmat safarlari uyushtirib, u yerda yashaydigan yoki penitensiar muassasalarda saqlanayotgan yurtdoshlarimizning murojaatlarini o‘rganib, Rossiya ombudsmani bilan hamkorlikda ularga amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat fuqarolarining murojaatlarini o‘zaro hamkorlikda ko‘rib chiqish tajribasiga alohida e’tibor qaratildi. 2025 yilning 2 choragida O‘zbekiston ombudsmaniga xorijiy davlatlar ombudsmanlari va chet elda yashayotgan fuqarolardan 87 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 38 tasi Rossiya hududlariga to‘g‘ri keladi. Rossiya ombudsmaniga esa o‘sha yerda yashayotgan fuqarolar manfaatida 7 ta murojaat yuborilgan. Ushbu murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilgan. 

Mavzuga oid