O‘zbekiston | 22:42 / 31.07.2025
5209
5 daqiqa o‘qiladi

Parlamentdagi muxolifat, pulli yo‘llarning kechiktirilishi, o‘zbek sportidagi xush va noxush xabar – mahalliy dayjest

Parlamentda muxolifat deb e’lon qilingan siyosiy partiya fraksiyasiga bir qancha qo‘shimcha huquqlar beriladigan bo‘ldi. «Toshkent–Samarqand» va «Toshkent–Andijon» pulli avtomobil yo‘llari qurilishi kechiktirildi. Xorij davlatlarida og‘ir sharoitda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini «Vatanga qaytarish» aksiyasi boshlandi. Futbolchi Abbosbek Fayzullayev Turkiya chempionatiga yo‘l oldi. Olimpiada chempioni, bokschi Lazizbek Mullajonov namunasida doping aniqlandi. Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar ommaviy mushtlashdi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlari kengaytiriladi

Parlamentda muxolifat deb e’lon qilingan siyosiy partiya fraksiyasiga bir qancha qo‘shimcha huquqlar berishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi.

Jumladan, muxolifat vakillari Qonunchilik palatasining 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimini kafolatli egallaydi. Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilguniga qadar ham o‘sha masalaga doir qonun loyihasi yoki uning tarkibiy qismining muqobil tahririni kiritish, shuningdek, har chorakda «hukumat soati» va parlament so‘rovi doirasida masala kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

Toshkentdan Samarqand va Andijonga pulli yo‘llar qurilishi kechiktirildi

«Toshkent–Samarqand» va «Toshkent–Andijon» pulli avtomobil yo‘llari qurilishi avval reja qilinganidek 2025 yilda emas, 2026 yilda boshlanadi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2026−2028 yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiyasida qayd etilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi xalqaro avtomagistral yo‘llarni ta’mirlash va qurishni, shuningdek, mavjud yo‘llarning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirishni ham rejalashtirmoqda. Bu xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan va ilg‘or tajribani inobatga olgan holda bajariladi.

O‘zbekistonda «Vatanga qaytarish» xayriya aksiyasi boshlandi

30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan joriy yil 30 iyuldan 30 avgustgacha «Vatanga qaytarish» nomli xayriya aksiyasi o‘tkaziladi.

Aksiya Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi, Bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Aksiya doirasida xorij davlatlarida og‘ir sharoitda qolgan O‘zbekiston fuqarolarini vatanga qaytarish va ularni samarali reintegratsiya qilish rejalashtirilgan.

O‘zbek sportidagi xush va noxush xabar

Oldin xushxabar: O‘zbekiston futbol milliy jamoasi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Turkiyada davom ettiradi. Mamlakat Superligasi vakili «Istanbul Boshoqshehir» klubi 21 yoshli futbolchi bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Abbosbek Turkiya klubi tarkibida yana bir o‘zbekistonlik futbolchi – Eldor Shomurodov bilan birga to‘p tepadi.

Endi noxush xabar: Olimpiada chempioni, bokschi Lazizbek Mullajonov namunasida doping aniqlandi. Butunjahon antidoping kodeksi qoidalariga ko‘ra, 26 yoshli sportchi vaqtinchalik barcha musobaqalardan chetlatildi. Unga uzoq muddatli diskvalifikatsiya xavf solmoqda.

Lazizbek Mullajonov 2024 yilgi yozgi Olimpiadada 92 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, 2023 yilgi jahon chempionatining bronza medali sovrindori hisoblanadi.

Yakkabog‘dagi ommaviy mushtlashuv videosi ijtimoiy tarmoqda tarqaldi

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilar ommaviy mushtlashdi. Bunga yangi yo‘nalishni egallash uchun raqobat sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Qashqadaryo viloyati IIB tergovga qadar surishtiruv harakatlarini olib bormoqda. Jabrlanuvchilar yoki qo‘lga olinganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.

Mavzuga oid