O‘zbekiston | 14:54 / 01.08.2025
14053
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuror o‘rinbosari Qoraqalpog‘istonga prokuror bo‘ldi

Erkaboy Tojiyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori lavozimidan ketgan, uning o‘rnini Shohrux Aminov egallagan.

Foto: Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi

Shohrux Azamatovich Aminov Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida ma’lum qilindi.

Shohrux Aminov 1981 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, huquqshunos. 2002 yilda Samarqand davlat universitetini tamomlagan.

Prokuratura organlaridagi faoliyatini 2004 yilda Samarqand shahar prokuraturasida boshlab, Samarqand viloyat prokuraturasi organlarida turli lavozimlarda ishlagan.

2014 yildan Bosh prokuratura boshqarma prokurori, katta prokurori, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

Faoliyati davomida Toshkent viloyati prokurorining o‘rinbosari, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan, 2018-2020 yillarda Navoiy viloyati prokurori bo‘lgan. 2020 yil noyabrida Sirdaryo viloyati prokurori etib tayinlangan, 2022 yil aprelidan bosh prokurorga o‘rinbosarlik qilayotgandi.

Ma’lumot uchun, Qoraqalpog‘iston prokurori lavozimida 2022 yil iyulidan buyon Erkaboy Tojiyev ishlab kelayotgandi. Uning keyingi faoliyati haqida ma’lumot yo‘q.

Mavzuga oid