Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kun tartibidagi maishiy korrupsiya va zararni qoplaganga ozodlik - hafta dayjesti
Toshkentga uchinchi aeroport, Chorvoqqa uchinchi yo‘l quriladi. O‘zbekiston Yevropadagi davlatning vizasiz rejim taklifini javobsiz qoldirgani aytilmoqda. Xorijdan kelganlar OIVga majburiy test topshiradi. Muhokamada – maishiy korrupsiya; deklaratsiyalash qonunidan esa hamon darak yo‘q. Kun.uz'da – hafta dayjesti.
Toshkent uchun uchinchi aeroport
Toshkent shahri janubida yangi xalqaro aeroport quriladi. Bu haqdagi rejalar juma kuni prezidentga taqdimot qilindi. Ma’lum qilinishicha, Toshkentga aviayo‘lovchilar oqimi 2030 yilga borib 15 millionga yetishi kutilyapti, lekin bunga hozirgi aeroportning quvvati yetmaydi. Shahar ichida joylashgani sababli, uni kengaytirishning ham iloji yo‘q. Shu sabab Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurishga qaror qilingan.
“Boy tajribaga ega kompaniyalar bilan, davlat-xususiy sherikchilik asosida amalga oshiriladi. Tanlangan yer maydoni Toshkent shahridagi mavjud aeroportdan 17 km uzoqlikda, Toshkent shahriga nisbatan janubda. Toshkentni Samarqand bilan bog‘laydigan mavjud avtomobil yo‘liga uzoq bo‘lmagan joyda qurilishi rejalashtirilgan”, – dedi transport vaziri Ilhom Mahkamov.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahri bilan Yangi Toshkent oralig‘ida “Toshkent-Sharqiy” aeroporti ham qurilyapti. Iyun oyida davlat rahbari qurilish ishlarini borib ko‘rgan, o‘shanda Uzbekistan Airways raisi Shuhrat Xudoyqulov yangi aeroport tez orada ochilishini aytgandi. Shundan keyin barcha charter reyslar shu aeroportga ko‘chirilishi rejalashtirilgan.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov juma kungi taqdimotdan keyin pulli yo‘llar haqida ham ma’lumot berdi. Uning aytishicha, Toshkent–Samarqand pulli yo‘lini qurish bo‘yicha xalqaro tanlov g‘olibi aniqlangan, qurilish ishlari shu yilning o‘zida boshlanadi. Bundan tashqari, Toshkent–Chorvoq yo‘nalishidagi hozirgi avtomobil yo‘liga tegmagan holda, xususiy sherik bilan birga yangi yo‘l qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili bu boradagi rejalar boshqacha edi: Toshkentdan Chorvoqqa olib boruvchi hozirgi mavjud ikkita yo‘ldan bittasini asfalt-beton qoplama bilan qaytadan qurib, pulli yo‘lga aylantirish masalasi ko‘tarilgan va bu jamoatchilik tanqidlariga sabab bo‘lgandi.
Vizasiz rejim taklifi javobsiz qolganmi?
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vizasiz rejim joriy qilish haqida Albaniya kiritgan taklifni javobsiz qoldirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda Albaniya sobiq tashqi ishlar vaziriga iqtibos keltirilgan xabar tarqaldi. Xabarda aytilishicha, Albaniya rasmiylari vizasiz rejim taklifi bilan O‘zbekiston va Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirliklariga xat yo‘llagan, shundan keyin Ostonadan ertasi kuniyoq javob kelgan, rasmiy Toshkent esa bu maktubni javobsiz qoldirgan. Ma’lumot uchun, qozog‘istonliklar 2022 yildan beri Albaniyaga vizasiz borish huquqiga ega.
O‘zbekiston TIV shunday voqea ro‘y berganini inkor qilmadi. Vazirlik Albaniya nomi tilga olinmagan bayonot chiqarib, hozirda o‘nlab davlatlar bilan vatandoshlarning xorijga chiqishini osonlashtirish bo‘yicha faol muzokara olib borilayotganini ma’lum qildi. Bayonotda asosiy urg‘u bu borada erishilgan yutuqlarga qaratilgan. Unga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari 34 ta davlatga vizasiz, yana 42 ta davlatga esa soddalashtirilgan tartibda viza olish imkoniyatiga ega.
Albaniya haqidagi xabar muallifi, iqtisodchi Behzod Hoshimov TIV vakili bilan muloqotda bo‘lganini aytib, o‘z tvitini o‘chirib yubordi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlikdagilar “Albaniya bo‘yicha jarayon allaqachon boshlangani”ni aytishgan.
Departament rahbariyatida iste’folar
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti rahbariyati ishdan ketdi. Departament boshlig‘i Shamsiddin Sohibnazarovning iste’fosi e’lon qilinmay, uning o‘rniga prezident farmoni bilan bosh prokurorning boshqa bir o‘rinbosari Jahongir Hotamov tayinlandi. Departament boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Inoyat Shukurov va departamentning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Muhammadjon Ro‘zmatov ham ishdan ketdi. Ularning bo‘shatilishi “o‘z xohishiga ko‘ra” deb rasmiylashtirilgan va ikkalasi ham departament organlaridan bo‘shatilgan. Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta Bosh prokuratura Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Alijon Abdullayev ham “o‘z xohishiga ko‘ra” ishdan olingan edi.
Departamentdagi iste’folar – korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha prezident huzurida o‘tgan yig‘ilishdan keyin ro‘y berdi. Yig‘ilishda maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilinib, bosh prokurorga tegishli topshiriqlar berildi.
“Yil boshidan buyon 2431 ta korrupsiya holati aniqlandi. Mana shundan 12 tasi respublika, 171 tasi viloyat, 2156 tasi tuman, yana 92 tasi mahalla darajasida bo‘lgan. Odamlar hokimiyatdan, bankdan, kadastrdan norozi bo‘lyapti. Byurokratiya, korrupsiya tuynuklari to‘liq yo‘qolgani yo‘q. [...] Oxirgi 2 yilda noqonuniy yer sotish bo‘yicha 2700 ta holatda 5000 gektar yer talon-toroj bo‘lgan; achinarlisi, bunga hokimlik, kadastr va qurilish xodimlari o‘zi bosh bo‘lyapti”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusidagi yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov ham, uning o‘rinbosarlari ham ishtirok etmagani – e’tiborga molik. Eslatib o‘tamiz, aprel oyida ushbu agentlik, Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini deklaratsiyalash bo‘yicha qonun loyihasini may oyida tayyorlab tugatish topshirig‘i berilgan edi. Shundan keyin bu borada yangilik bo‘lmadi.
Zararni qoplaganga – ozodlik
“Toshshahartransxizmat”ning 7,5 yilga qamalgan sobiq rahbari Anvar Jo‘rayev yarim yil o‘tib ozodlikka chiqdi. Bu yangilikni eshitgan odam, agar yaxshi gumonda bo‘lsa, “avvalgi sudlarda noto‘g‘ri ayblov qo‘yilgan ekan-da” deb o‘ylashi mumkin. Lekin unday emas: amaldorga qo‘yilgan ayblov o‘zgarmagan. Unda nega qo‘yib yuborildi? Bu savolga javoban Oliy sudning ma’lum qilishicha, Anvar Jo‘rayevning ozod qilinishiga Jinoyat kodeksining 167-moddasi asos bo‘lgan. Bu moddaga ko‘ra, O‘zbekistonda davlat mulkini talon-toroj qilganlar, agar o‘g‘rilagan pullarini joyiga qaytarib qo‘ysa, qamalmaydi.
“Toshshahartransxizmat”ni 4 yildan ko‘proq boshqargan Anvar Jo‘rayev 2024 yil boshida ishdan olinib, tergovga tortilgandi. Keyinchalik sud uni Jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan aybdor deb topib, 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Jo‘rayev sudda o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni to‘liq rad etgan. Kun.uz'ning aniqlashicha, ikki oy oldin Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi unga berilgan jazoni 4,5 yilga ozodlikni cheklashga almashtirgan. Oliy sud izohiga ko‘ra, jazoning yengilrog‘iga almashtirilishiga yetkazilgan zararlar qoplangani sabab bo‘lgan.
Energetika va budjet
O‘zbekistonda iste’molchilar sifatli va barqaror elektr energiyasini olish huquqiga ega. Har holda, qonunda shunday yozilgan. Senator Sayyora Abdukarimova energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga ana shu qonunni eslatib qo‘yishga qaror qildi. Senator Toshkent shahrida tinmay svet o‘chayotganiga izoh berishni talab qilib, vazirga so‘rov yuborgan. 3-4 soatlab davom etayotgan uzilishlar aholi hayotiga salbiy ta’sir qilyapti, bizneslar katta moliyaviy zarar ko‘ryapti, svetoforlarning o‘chishi esa xavfsizlikka tahdid solmoqda, deyiladi senatorning vazirga yuborgan xatida.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi shu hafta e’lon qilgan fiskal strategiyadan ma’lum bo‘lishicha, hukumat kelasi yildan boshlab elektr energiyasi uchun subsidiya ajratishni to‘xtatmoqchi. Tabiiy gaz va issiqlik ta’minoti uchun esa, so‘nggi ikki yilda tariflar bir necha barobar oshganiga qaramay, subsidiya ajratish davom etadi. Avvalroq bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov energetika sohasiga 2028 yildan boshlab subsidiya ajratish to‘xtalishini aytgandi. Endi esa bu gap eng kamida chala aytilgani ma’lum bo‘lyapti. Fiskal strategiyada gaz va issiqlik ta’minotini 2028 yilda ham subsidiyalash (bu ikki yo‘nalishga jami 9 trln so‘m) ko‘zda tutilgan.
Hujjatdan ko‘rish mumkinki, bir tomondan, energetikani subsidiyalash qisqaradi, lekin boshqa tomondan, ayni shu soha asosiy o‘rin tutadigan davlat-xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha fiskal majburiyatlar ortadi. DXSh bitimlari bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat budjetining gardaniga tushadigan xarajatlar 2025 yilda 9,3 trln so‘m, 2027 yilda esa 11,7 trln so‘mni tashkil etishi kutilyapti. Bu trillionlardan tashqari, davlat kompaniyalarining majburiyatlari ham bor. Bu majburiyatlar uch yil ichida 2,5 barobarga oshib, 2027 yilda 27,6 trln so‘mga yetishi mumkin. Bunday keskin o‘sish – ishlab chiqarilgan elektr energiyasi kafolatli tarzda sotib olinadigan yangi elektr stansiyalarining ishga tushishi bilan bog‘liq. Bu o‘rinda, kafolatli xarid narxi ko‘pincha jamoatchilikdan sir tutilayotganini ham ta’kidlashga majburmiz. Eslatib o‘tamiz, oxirgi paytlarda xalqaro moliya tashkilotlari O‘zbekiston haqidagi hisobotlarida aynan DXSh majburiyatlari bilan bog‘liq risklarga alohida e’tibor qaratyapti.
Dayjyestimizning energetikaga oid qismini issiqxonachilar uzoq kutgan katta yangilik bilan yakunlaymiz. Xabaringiz bo‘lsa, butun O‘zbekiston bo‘ylab katta mablag‘ evaziga qurilgan issiqxonalar nurab, xaroba bo‘lib yotgani haqida Kun.uz bir oy oldin ikkita ko‘rsatuv e’lon qilgan edi. Qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan chorshanba kungi selektorda bu muammoga ham e’tibor qaratilib, issiqxonalarga qishki mavsumda gaz kafolatli hajmda berilishi, gaz uchun oldindan to‘lov oktyabrdan martgacha 50 foizga tushirilishi e’lon qilindi. Bundan tashqari, minglab issiqxonalarning soliq to‘lovlari 1 yanvargacha uzaytirildi. 2028 yilgacha issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga tushiriladigan bo‘ldi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yangi rahbar tayinlandi. E’zozxon Karimova vazir o‘rinbosari – Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti rektori sifatida ish boshlaganidan uch oy o‘tib, vazir lavozimiga ko‘tarildi. U tayinlovdan oldin parlamentda o‘zining islohotlar dasturini taqdim etgani, shundan keyin deputatlar uning nomzodini ma’qullab bergani aytildi. Lekin doimgidek, bunday yig‘ilish efirga uzatilgani yo‘q, ya’ni jamoatchilik yangi vazirning dasturidan bexabar qoldi. Eslatib o‘tamiz, avvalgi vazir Hilola Umarova Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan edi.
Qonunchilik palatasida jonli efirga uzatilmasdan qabul qilingan yana bir qaror bor. 31 iyul kuni imzolangan qonunga asosan, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun jarimaning minimal miqdori 5 barobarga oshirildi. Avval bu modda bo‘yicha fuqarolar BHMning 1 baravaridan 12 baravarigacha jarimaga tortilgan bo‘lsa, endilikda organ xodimlariga bo‘ysunmaganlarni BHMning 5 baravaridan 12 baravarigacha jarima kutadi. Bir yil ichida takror sodir etilganda, jarima avvalgidek BHMning 15 baravarigacha emas, 30 baravarigacha bo‘ladi. Eslatib o‘tamiz, organ xodimining qonuniy talabini bajarmaslik deganda – huquqbuzarlikni to‘xtatmaslik, hujjatini taqdim etmaslik, idoraga chaqirilganda vaqtida bormaslik va boshqa holatlar tushuniladi.
Xorijdan qaytganlarni OIV tekshiruvidan o‘tkazish haqidagi qonun Senat tasdig‘idan o‘tdi. Prezidentga yuborilgan qonunga ko‘ra, uzluksiz 90 kun va undan ko‘proq vaqt xorijda bo‘lib qaytgan, 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan barcha shaxslardan majburiy ravishda OIVga test olinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning hech qaysi davlatida bunaqa tartib yo‘q. Sog‘liqni saqlash sohasidagi xalqaro tashkilotlar ham bunday amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Qonun imzolangan taqdirda, u aynan qanday ishlashi hukumat qarorida belgilanadi. Bunda, xorijga chiqib kelgan vatandoshning uyiga tibbiy xodim va profilaktika inspektori kelib, oila bilan suhbat o‘tkazishi va 3 kun ichida OIVga test topshirishi haqida ogohlantirib ketishi ko‘zda tutilgan. Agar vatandosh tekshiruvdan o‘tishni rad etsa, oqibati nima bo‘ladi, bunisi ma’lum emas.
Toshkentda noqonuniy ketayotgan o‘nlab qurilishlar to‘xtatildi. Poytaxt hokimligi bu qurilishlarni amalga oshirayotgan kompaniyalarning ayrimlarini “vijdonsiz” deb atadi, chunki ular tegishli hujjatlarni olmay turib, qurilishni ham, kvartira sotishni ham boshlab yuborgan. Reydlar davomida shahar bo‘ylab 59 ta obektdagi ishlar to‘xtatilib, elektr ta’minotidan uzib qo‘yildi. Tabiiyki, odamlardan: “Aynan qaysi obektlar noqonuniy ekan?” degan savollar yog‘ildi. Bunga javoban hokimlik shunchaki ro‘yxatni e’lon qilib qo‘ya qolmasdan, o‘z saytida tashkilotning nomini kiritish orqali, uning qurilishi to‘xtatilganmi-yo‘qmi, tekshirish imkonini yaratdi. Kun.uz 30 iyul holatiga ro‘yxatdagi 55 ta sub’yektni aniqladi. Rasmiylarga ko‘ra, ular hujjatlarini olganidan keyin, qonuniy ravishda qurilishini davom ettirishi mumkin.
Samarqandda noqonuniy qurilgan 12 qavatli mashhur binoni buzish boshlandi. Bu haqdagi sud qarorini ijro etishga kirishilgan. Obekt egasi Furqat Xalilov ijtimoiy tarmoqlarda ko‘zyoshi bilan chiqish qilib, 10 yillik mehnati havoga uchayotganidan shikoyat qildi. U avvalroq Kun.uz'ga bergan intervyusida orzusidagi imorat uchun 3 mln dollardan ortiq puli ketganini aytgandi. Eslatib o‘tamiz, 12 qavatli mehmonxona noqonuniy qurilgan bo‘lib, ekspertlar uni seysmik xavfli deb xulosa bergan. Antiqa inshoot o‘tgan yillar davomida turistik obektga ham aylanib qolgandi.
Dayjyestimizga sanoat korxonalaridagi ekologik hodisalar bilan yakun yasaymiz. Andijonning Buloqboshi tumanida “Sanoat-energetika guruhi”ga qarashli neft zavodida avariya ro‘y berib, kanalga neft oqib ketdi. Shu tumanning boshqa bir nuqtasida tekstil fabrikasi oqava suvi bilan kanalni oppoq ko‘pikka to‘ldirdi. Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida esa pudratchisi ochiqlanmagan kondan gaz sizib chiqdi. Energetika vazirligiga ko‘ra, gaz qudug‘i aholi punktlaridan uzoqda bo‘lib, u yerdan oltingugursiz, toza metan gaz chiqyapti. Jarohatlanganlar yo‘qligi aytildi. Shuningdek, Navoiy shahri havosini ifloslantirishda gumonlangan 20 dan ortiq korxona faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, “Navoiyazot” ham jarima va kompensatsiya to‘lashi belgilandi. Bo‘stonliqda esa yana o‘rmon yong‘ini ro‘y berdi: Burchmulla o‘rmon xo‘jaligida chiqqan yong‘inni o‘chirishda yana harbiy vertolyotlardan foydalanishga to‘g‘ri keldi.
Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov
Mavzuga oid

22:24 / 02.08.2025
AI-80 narxi, undan voz kechish va prisadkali AI-92 - Raqobat qo‘mitasi izohlari

18:36 / 02.08.2025
O‘zbekistonliklar vizasiz kiradigan davlatlar ma’lum qilindi

16:30 / 02.08.2025
Tramp ma’muriyati Ozarboyjon va Markaziy Osiyoni «Ibrohim kelishuvlari»ga qo‘shmoqchi. O‘zbekiston TIV izoh berdi

14:28 / 02.08.2025