Jahon | 11:10
2465
12 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonga boj, Xitoy quruvchi AES, davlat nazoratidagi go‘sht va Afg‘onistonda «svet» muammosi

Qirg‘izistonda endi davlat go‘sht narxlari ustidan nazoratni qo‘lga oladi. Qozog‘istonda ikkinchi va uchinchi AESlarni Xitoy qurishi e’lon qilindi Turkmanistonning Arqadag‘ shahrida yangi ko‘prik ochilgan, uning ustidan birinchi bo‘lib kelin-kuyov o‘tkazildi. Tojikiston importga qaramlikni to‘xtatmoqchi, davlatda go‘sht, sut va tuxum ishlab chiqarish ko‘paygan. AQSh Qozog‘istonga 25 foizlik savdo bojlari joriy qildi. Afg‘oniston poytaxtida svet muammosi, Kobulda bir kunda 18 soatgacha elektr uzilmoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qozog‘istonda Xitoy ikkita AES quradi

Qozog‘iston birinchi AESni qurishni Rossiyaga topshirganidan xabaringiz bor. Energetik inshootni qurish istagida bo‘lgan taklifchi besh davlat ichida Xitoy ham bor edi. Ma’lum qilinishicha, Xitoy Qozog‘istondagi ikkinchi va uchinchi AESni quradi. Buni Qozog‘iston hukumati ham tasdiqladi. 

Bosh vazir o‘rinbosari Roman Sklyarga ko‘ra hozirda Xitoy quradigan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari va loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Shuning uchun qurilishning aniq narxi hali noma’lum bo‘lib turibdi.

Hukumatlararo kelishuv va hamkorlik shakli bo‘yicha barcha masalalar muzokara bosqichida, keyinchalik ular parlamentda tasdiqlanadi, dedi Qozog‘iston hukumati rahbarining birinchi o‘rinbosari.

Hozirda mutaxassislar stansiyalar joylashadigan hududlarni o‘rganyapti. Bunda suv ta’minoti va elektr energiyasi manbalarining mavjudligi muhim mezon bo‘ladi.

Loyihani amalga oshiruvchi Xitoy kompaniyasining nomi hali rasman oshkor etilmagan. Biroq katta ehtimol bilan bu ishlarni ilgari «Rosatom» bilan birgalikda konsorsiumlarga rahbarlik qilgan China National Nuclear Corporation bajarishi mumkin.

Qozog‘istonda birinchi AES qurish to‘g‘risidagi qaror 2024 yilgi referendumda qabul qilingan edi. 2025 yilning iyun oyida Atom energiyasi agentligi uchta stansiyaning birinchisini «Rosatom» qurishi haqida xabar bergan.

Obektni Olmaota viloyatida joylashtirish mo‘ljallangan. Uni 2035-2036 yillarda ishga tushirish rejalashtirilgan. 2035 yilga borib Qozog‘iston hukumati 2,4 gigavatt yadroviy quvvatni ta’minlashni maqsad qilgan.

Dunyodagi eng yirik uran ishlab chiqaruvchilaridan bo‘lgan Qozog‘iston hozirda o‘z atom elektr stansiyalariga ega emas va yadroviy sikl mahsulotlarini iste’mol qilmaydi. Biroq uning konlaridagi uran zaxiralari dunyo zaxiralarining taxminan 15 foizini tashkil etib, faqat Avstraliyadan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi.

AQSh Qozog‘istonga boj belgiladi

Tramp Qozog‘iston tovarlariga 25 foizlik boj belgiladi. AQSh prezidenti 60 dan ortiq davlatning tovarlariga 15 foizdan 41 foizgacha boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Oq uyga ko‘ra, farmon 31 iyul kuni imzolangan bo‘lib, 7 avgustdan kuchga kiradi. Qozog‘iston mahsulotlariga 25 foizlik import boji belgilangan. Eng yuqori tariflar Suriyaga 41 foiz, Laos va Myanmaga 40 foiz, shuningdek, Shveytsariyaga 39 foiz belgilandi. 

Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va Janubiy Koreya uchun esa 15 foizlik qo‘shimcha boj joriy qilinadi. Ro‘yxatda ko‘rsatilmagan davlatlar uchun esa yagona 10 foizlik tarif amalda bo‘ladi.

Oq uyga ko‘ra, bu choralar “amerikalik ishchilar manfaatlarini himoya qilish va global savdo tizimini qayta tashkil etish”ga qaratilgan.

AQSh prezidenti 7 iyul kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga maktub yo‘llagandi. Unda AQSh 1 avgustdan boshlab Qozog‘istondan import qilinadigan barcha mahsulotlarga 25 foizlik boj joriy etayotgani e’lon qilingan.

Tramp AQSh va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo aloqalarini muhim va barqaror deb atab, savdo balansidagi salbiy ko‘rsatkichlarga qaramay, hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini aytgan.

Qozog‘iston Savdo va integratsiya vazirligi bayonotiga ko‘ra, yangi bojlar AQShga eksport qilinayotgan mahsulotlarning taxminan 95 foiziga ta’sir qilmaydi. Shuningdek, neft, uran, kumush, tantal va titan kabi asosiy xomashyo va strategik tovarlar bojdan ozod etilgan.

Qirg‘izistonda go‘sht narxini davlat nazorat qiladi

Qirg‘izistonda go‘sht narxlari 100 ming so‘mga yaqinlashgach, endi davlat narxlarni tartibga solishi e’lon qilindi. Rasmiylarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar go‘sht narxi keskin oshishining oldini olish, chorva mollarining chegaradan noqonuniy olib chiqilishiga qarshi nazoratni kuchaytirish, chorva eksportiga miqdoriy cheklovlar joriy etish uchun amalga oshirilmoqda.

Antimonopoliya xizmatiga mamlakat bo‘ylab go‘sht narxlarini doimiy monitoring qilish va tahlil etish topshirilgan. Xususiy tadbirkorlar ustidan ham veterinariya-sanitariya nazorati kuchaytiriladi. Chegaradagi kontrabanda holatlarining oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar ko‘riladi.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda go‘sht narxlari oshishda davom etmoqda. 29 iyul holatiga ko‘ra, mol go‘shtining eng yuqori narxi Norin shahrida qayd etilgan. Bu yerda 1 kilo mol go‘shti o‘rtacha 700 som (taxminan 100 ming so‘m) atrofida sotilmoqda.

Qo‘y go‘shti eng qimmat bo‘lgan hududlar — Norin va Razzaqov, bu yerda ham narx 1 kilo uchun 700 somni tashkil etadi. Ot go‘shti esa O‘zgan va To‘qmoq shaharlarida qimmat — o‘rtacha 650 som, ya’ni o‘zbek so‘mida 94 ming so‘mdan sotilmoqda. 

Xalqaro internet trafigiga davlat monopoliyasi o‘rnatildi

Qirg‘izistonda xalqaro internet trafigiga davlat monopoliyasi o‘rnatiladi. Respublika prezidenti Sadir Japarov mamlakatda xalqaro internet trafigini uzatish va yo‘naltirish ustidan to‘liq, ya’ni 100 foizlik davlat monopoliyasi qo‘llanishini ma’lum qildi. U mazkur chora borasida farmon imzolagan, hujjat 2025 yil 15 avgustidan 2026 yil 14 avgustigacha amal qilishi bildirildi. Farmonga ko‘ra,

  • ElSat davlat kompaniyasi Qirg‘izistonda xalqaro internet trafigini yetkazish, uzatish hamda mamlakat orqali xalqaro ma’lumotlar tranzitini amalga oshirish bo‘yicha yakuniy qarorlar chiqaradi;
  • hozirda xalqaro trafik bilan ishlayotgan barcha telekommunikatsiya operatorlari va internet-provayderlar 2 oy ichida ElSat bilan hamkorlikka oid shartnomalar imzolashi majburiy;
  • davlat Aknet kompaniyasining 100 foiz aksiyalarini ElSat tasarrufiga o‘tkazadi. Bu chora kompaniyaning texnik imkoniyatlarini mustahkamlashga qaratilgan;

Xo‘sh, davlat monopoliyasi kimga kerak? Rasmiylarning tushuntirishicha, raqamli va telekommunikatsiya infratuzilmasini samarali boshqarish, internet trafikni tartibga solish va aloqa sifatini yaxshilash maqsadida ushbu qaror qabul qilingan. Biroq ayrim ekspertlar bu chora internet erkinligiga ta’sir ko‘rsatishidan xavotir bildirdi.

Tojikiston import qaramligidan qutulmoqchi

Tojikistonda go‘sht va tuxum yetishtirish sezilarli darajada oshdi. Hukumat import qilinadigan go‘sht va sut mahsulotlariga qaramlikni kamaytirishni maqsad qilgan va buning uchun tinimsiz harakat qilmoqda. Prezident huzuridagi statistika agentligiga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida tirik vaznda 98,8 ming tonna go‘sht yetishtirilgan, bu 2024 yilning shu davriga nisbatan 11,8 foizga ko‘pdir. Asosiy hajm aholining shaxsiy yordamchi xo‘jaliklari tomonidan ta’minlangan. Viloyatlar kesimida go‘sht yetishtirish bo‘yicha Xatlon viloyati 46,6 foiz ulush bilan yetakchilik qilmoqda.

Tovuq tuxumini ishlab chiqarishda ham sezilarli o‘sish kuzatildi. 2025 yilning olti oyida Tojikistonda 669,2 million dona tuxum olingan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23,2 foizga ko‘p bo‘ldi.

Sut ishlab chiqarish ham o‘sdi: 2025 yilning birinchi yarmida 436,9 ming tonna sut ishlab chiqarildi. 92 foiz ishlab chiqarilgan sut aholining sigirlari hissasiga to‘g‘ri keladi. So‘g‘d va Xatlon viloyatlari umumiy hajmning qariyb 39 foizini bermoqda.

Hukumat prognozlariga ko‘ra Tojikiston 2026-2028 yillarda chorvachilikning barcha asosiy yo‘nalishlarida ishlab chiqarishning barqaror o‘sishini ta’minlaydi. Ijobiy dinamika oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va importga qaramlikni kamaytirishga yordam beradi.

2028 yilga borib go‘sht yetishtirish 481 ming tonnaga, jumladan, parranda go‘shti 69 ming tonnaga yetishi kutilmoqda. Tuxum ishlab chiqarish 1,462 milliard donaga, sut 1 million 349 ming tonnagacha oshadi. Shunday qilib, Tojikiston import o‘rnini mahalliy mahsulotlariga to‘ldirmoqchi.

Turkmanistonda ko‘prik ochildi

Arqadag‘ shahrida Go‘kdepe va Keymir Ker xiyobonlari chorrahasida qayta tiklangan ko‘prikning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jamiki turkman nashrlari bu haqida materiallarini e’lon qilishdi. Ochilish marosimi ko‘plab shahar aholisi ishtirokida bayramona ruhda o‘tgani aytilmoqda. Ko‘prikning umumiy uzunligi 627 metr, kengligi 29,5 metr va balandligi 9 metrni tashkil qiladi.

Marosim davomida tinchlik timsoli sifatida osmonga sharlar va oq kaptarlar uchirilgan, shundan so‘ng bayram lentasi kesildi.

TDHning yozishicha, yangi infratuzilmaning ochilishi ramziy voqealar bilan birga kechgan. Yangi xiyobonlar bo‘ylab to‘y korteji o‘tdi, bu yosh shaharda yangi oilaning barpo etilishi ramzi edi. Ayni damda bayramona bezatilgan avtomobillar Arkadag‘ tibbiyot markazida farzand dunyoga kelgani haqida xabar bergan.

Kobulda odamlar elektr yo‘qligidan norozi

Afg‘oniston poytaxti Kobuldagi davomli elektr uzilishlari aholining joniga tegdi, jamoatchilik bundan ochiq norozilik bildirgan. Kun juda issiq bo‘lishiga qaramay, poytaxtda ham kuniga 18 soatdan ortiq svet o‘chirilmoqda. Odamlar bor-yo‘g‘i 5-6 soat mobaynida elektrdan zo‘rg‘a foydalanishlari mumkin. Shahar aholisi o‘ta issiq havodan, kechasi bilan pashsha chaqishidan norozi, ayniqsa bolalar aslo chidolmayapti, deb yozadi mahalliy nashr Tolo news.

“Elektr ta’minotida muammolar jiddiy. Men kunduzi ishlayman, kechasi uyga qaytsam, faqat tunning bir qismida elektr toki bor”, - deydi fuqarolardan biri nashrga intervyu berarkan.

“Bizning talabimiz elektr energiyasini ehtiyojlarimizga mos va maqbul sifatda yetkazib berishdir. Agar 24 soatlik quvvat imkoni bo‘lmasa, hech bo‘lmaganda 12 soat muammolarimizni hal qilishda yordam beradi. Elektr ta’minotidagi muammolar og‘ir, hayotimiz butunlay elektr energiyasiga bog‘liq. Busiz uyda suv yo‘q, maishiy texnika ham ishlatib bo‘lmaydi. Hukumatdan elektr ta’minotini ta’minlashni so‘raymiz”, deya qo‘shimcha qiladi aholi vakillari.

Afg‘onistonning energetika tashkiloti sobiq rahbarlariga ko‘ra, Kobuldagi elektr ta’minotidagi uzilishlarni hal qilish uchun ham qisqa, ham uzoq muddatli sarmoya kerak bo‘ladi.

Masalan, “Breshna” kompaniyasining sobiq bosh direktori Omonulla G‘olibning aytishicha, “muammolardan biri Salangdan o‘tuvchi elektr uzatish liniyasining cheklangan quvvati bo‘lib, u 300-340 megavattdan ko‘proq quvvat o‘tkaza olmaydi. Buni 500 kilovoltlik liniya qurish orqali hal qilish mumkin. Biroq Kobuldagi asosiy masala bu elektr quvvatini o‘zlashtirish uchun ikkita quvvatning yetishmasligi. Podstansiya loyihalari allaqachon rejalashtirilgan, biroq ularni yakunlash bir-ikki yil davom etadi, pul kerak”.

Tolo News ayni vaziyat yuzasidan axborot olish uchun energetika tashkiloti va hukumatga yuzlangan, biroq hech qanday javob ololmagan.

Mavzuga oid