O‘zbekiston | 12:20
1542
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda yong‘in va portlash xavfi sabab 4 ta zapravka vaqtincha yopildi

Foto: Sirdaryo viloyati FVB

Sirdaryo viloyatida yong‘in va portlash xavfi yuqori deb baholangan 4 ta yoqilg‘i va gaz to‘ldirish shoxobchasining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.

O‘zA xabariga ko‘ra, bu chora tadbirlar Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida sodir bo‘lgan fojiali portlashdan so‘ng viloyatda xavfsizlik choralarini kuchaytirish doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur portlash 4 kishining umriga zomin bo‘lgandi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi, Ekologiya, Sanoat xavfsizligi va boshqa tegishli idoralar hamkorligida tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan 12 ta yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchasida keng qamrovli tekshiruvlar o‘tkazildi. Ularning natijasida 74 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha 119 ta banddan iborat ko‘rsatma berildi.

Tekshiruvlar jarayonida yong‘in xavfiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 13 ta texnik jihatdan nosoz uskuna, moslama va agregatlardan foydalanish taqiqlandi. Xususan, yong‘in avtomatikasi, gaz siquv uskunalari, ventilyatsiya tizimlari, yong‘inga qarshi suv ta’minotidagi nosozliklar alohida qayd etildi.

«O‘tkazilayotgan bu kabi o‘rganishlar yong‘in va gaz-havo aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda»,  deyiladi viloyat FVB matbuot xizmati xabarida.

Mutasaddi tashkilotlar ma’lum qilishicha, mazkur nazorat tadbirlari aholi xavfsizligini ta’minlash, yong‘in va portlash bilan bog‘liq holatlarning oldini olish hamda favqulodda vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy tarzda davom ettiriladi.

Bundan oldinroq Toshkent viloyatida bir qancha gaz zapravkalari faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid