Jahon | 23:45 / 05.08.2025
1384
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik avtopoygachi jahon rekordini o‘rnatishga urinib, halok bo‘ldi

60 yoshli Kris Rashke soatiga 455 km tezlikka erishib, boshqaruvni yo‘qotdi va halokatga uchradi.

Foto: Facebook

Amerikalik avtopoygachi Kris Rashke Bonnevill (Yuta shtati) sho‘rxoklarida tezlik bo‘yicha jahon rekordini o‘rnatishga urinib, halok bo‘ldi. Bu haqda tadbirlarni o‘tkazadigan Janubiy Kaliforniya xronometraj assotsiatsiyasiga (SCTA) tayanib People xabar berdi.

60 yoshli Rashke poyga boshlanganidan taxminan ikki yarim milya o‘tgach, boshqaruvni yo‘qotdi.

«Krisga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi. Afsuski, Kris olgan jarohatlari tufayli vafot etdi. Hozir hodisa sabablari o‘rganilmoqda», deyiladi xabarda.

Rashke 455 km/soat tezlikka erishdi, deb yozdi The Guardian. Poygachi qaysi tezlik rekordini yangilashga uringani ma’lum qilinmagan.

O‘nlab yillar davomida Bonnevil sho‘rxoklarining tekis oq sirti tezlik bo‘yicha yangi jahon rekordlarini o‘rnatishga intilayotgan dunyo poygachilarini o‘ziga jalb qilib keladi.

Solt-Leyk-Sitidan taxminan 160 km g‘arbda joylashgan qadimgi ko‘ldan qolgan sho‘rxoklar «Mustaqillik kuni» va «Dunyodagi eng tezkor Indian» kabi filmlar uchun ham sahna vazifasini o‘tagan.

Mavzuga oid