Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“O‘zimiz chiqargan qoidaga o‘zimiz amal qilmayapmiz” - shaharsoz Toshkentning bosh rejasi o‘zgarayotgani haqida
Poytaxtning 20 yilga mo‘ljallangan bosh rejasi keng jamoatchilik ishtirokisiz o‘zgartirilishi xato bo‘ladi, tashabbuskorlar buning uchun yetarlicha asoslar keltirishi va bu asoslar ochiq muhokama qilinishi lozim, deydi Germaniyada faoliyat yurituvchi shaharsoz Husan Muqimov. Uning aytishicha, “buni 10-15 ta odam bir xonaga kirib hal qilishi kerak emas”.

Uzoq yillar kutilib, qabul qilinganiga 7 oy bo‘lgan Toshkent shahrining 2045 yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasiga o‘zgartirish kiritiladi. Bu haqda Qurilish vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik bosh reja “takomillashtirilishi”ni e’lon qilarkan, bunday qarorga kelingani haqida keng jamoatchilikni faqatgina OAV aralashuvidan keyingina xabardor qildi.
Avvaliga, bunday yangilik kutilayotgani haqida qurilish sohasidagi tadbirkor Murod Nazarov aygandi. Shundan keyin qurilish vaziri o‘rinbosari Davron Odilov Kun.uz muxbirining savollariga javoban, negadir, bosh rejaga o‘zgartishlar kiritish masalasi “kun tartibida emas”ligini aytdi. Intervyudan keyin vazirlik bosh rejaning takomillashtirilishi alohida tadbirkorning xohishiga ko‘ra emas, balki ilmiy yondashuvlar va jamoatchilik fikri asosida bo‘lishini aytib bayonot berdi.
Kun.uz bu mavzu borasidagi savollar bilan Germaniyada istiqomat qilayotgan shaharsoz Husan Muqimov bilan intervyu o‘tkazdi.
“Bitta xonada 8-10 nafar shaharsoz o‘tirib, buni hal qilishi kerakmas”
Muqimov hukumatning 2024 yil dekabrdagi 880-sonli qarori bilan tasdiqlangan poytaxt bosh rejasi ko‘proq yerdan foydalanish yoki yerni ishlatish xaritasiga o‘xshab ketishini aytadi.
“Genplanda aslida ko‘proq aniq chegaralar, aniq strukturalar, rivojlanishlar aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak. Bu yerda (Germaniya nazarda tutilmoqda – tahr.) ko‘proq LUP (Land Use Plan – yerdan foydalanish rejasi), LUM (Land Use Map – yerdan foydalanish xaritasi) deydi, shunaqa deb tushundim. Lekin katta mehnat qilingan, buni alohida ta’kidlab o‘tish kerak. Bosh reja 7 yil davomida ishlab chiqildi deyilyapti, lekin bu uzoq muddat emas, bunday ko‘lamdagi ish uchun 7 yil vaqt ketishi normal holat”, – dedi u.
Hukumat darajasida tasdiqlanib bo‘lingan hujjatga o‘zgartirish kiritish to‘g‘rimi? Bu borada shaharsozning fikricha quyidagicha.
“Agar men nazarda tutayotgan yerdan foydalanish xaritasi yoki rejasi bo‘layotgan bo‘lsa, unga o‘zgartirish kiritishingiz mumkin. Bu hamma vaqt o‘zgarib, rivojlanib keladigan, o‘ziga xos reja. Lekin asosiy masala shundaki, “bu o‘zgarish qanday qilib kiritilishi kerak?” degan savol bor. Bu o‘zgartirish kiritilishining asosiy kriteriylaridan biri – jamoatchilik, aholi bilan muhokama qilinib, har xil joylarda ko‘rgazmalar yoki forumlar tashkil qilinib, fikrlar o‘rganilib, keyin o‘zgartirish kiritish kerak.
Ya’ni asoslangan, argumentlashgan, hamma narsani o‘sha joyda ko‘rsatib, isbotlab, kerakligini ko‘rsatgandan keyin o‘zgartirishsa bo‘ladi. Agar mumkinmi degan savolga qisqa javob bersam, mumkin. Qanday qilib? Albatta, mutaxassislarni jalb qilgan holda yuqorida aytib o‘tgan talablarni bajarish kerak bo‘ladi.
Qaysidir bitta xonada 10-15 nafar shaharsoz o‘tirib, bu narsani hal qilishi kerak emas. To‘g‘ri, ular mutaxassis, ular o‘zining yondashuvini, o‘zining qarashini beradi. Lekin keyin loyiha ommaga oshkor qilinishi, omma uni ko‘rib chiqishi, fikrini bildirishi, keyin bildirilgan fikrlar asosida qaytib ko‘rib chiqilishi, ana shu jarayon uch-to‘rt marta davom etishi kerak.
Mana shu jarayon bo‘lmasdan turib, loyihani bir nechta idora va tashkilotlar o‘zlari tayyorlab, oxirida “mana, bosh rejani tasdiqladik” deb gazetaga e’lon berish – bu yakuniy natijani e’lon qilib qo‘yish xolos. Odamlar mahallasiga baland bino qurishga ruxsat berilganini toki quruvchi kelib, hududni o‘rab olganidan keyingina bilishi kerak emas”, – dedi u.
Ma’lumot uchun, Toshkent bosh rejasini ishlab chiqishga mas’ul tashkilot – “ToshkentboshplanLITI” direktori o‘rinbosari Sherzod Ziyayev Kun.uz'ga bergan intervyusida poytaxt bosh rejasining texnik-iqtisodiy asoslari 1991 yilda tasdiqlanib, 2010 yilga kelib yangilanishga ehtiyoj tug‘ilganini aytgan. Ya’ni bosh rejani yangilash vazifasining kun tartibiga chiqishi 2010 yillar boshiga borib taqaladi.
Hamma daraxtlarni yoppasiga kesmasdan qurilish qilsa ham bo‘ladi
Muqimov Toshkentda qurilishlar sabab yashillik imi-jimida yo‘q qilinayotganiga e’tibor qaratdi va Mirobod tumanidagi eski harbiy gospital hududida katta qurilishlar ortidan ko‘plab daraxtlar yo‘q qilinganini esladi.
“Yaxshi hududni tekislab tashlashgan. Qurilish koeffitsiyenti bor, masalan, siz hududning barcha qismiga qurilish qilolmaysiz, qanchadir qismini yashillashtirishingiz, landshaft arxitekturasini qilishingiz kerak. Shu darajada shartmidi shu daraxtlarni umuman kesib tashlab, yana qaytadan ekib, yana o‘sha joyga yashillik qilish? Avvalboshdan shuni o‘ylab loyihalasa bo‘lmasmidi?
Boshidan o‘ylab, baribir nechadir foizga qurilish qila oladi, hamma joyga qurilish qilolmaydi. Hamma vaqt ham daraxtlarni kesib tashlash shart emas. Hududning 65 foiz qismiga qurilish qilgan taqdirda ham, qolgan 35 foiz qismini yana keyin yashillashtirish kerak. Nimaga kerak uni kesib tashlab, qaytadan yana daraxt ekib? Undan ko‘ra shu bor daraxtlarni, yashil hududni saqlab qolgan holda, qolgan qismiga arxitektorlar, reja qiladigan odamlar, o‘sha master-plan qiladigan odamlar chiroyli qilib, mutaxassislar loyihalasa bo‘lardi”, – dedi Muqimov.
“O‘zimiz belgilagan qoidalarga o‘zimiz amal qilaylik”
Shaharsozning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi shaharsozlik va qurilish me’yorlarida juda ko‘plab normativ qoidalar allaqachon bor, hamma gap – ularga qanchalik amal qilishda.
“Bosh rejada ham ko‘rsatilgan, “shuncha qavatdan yuqori qilmaysan” deb. Lekin shuncha chegaralar bo‘la turib, yana shu narsa loyihalanayotgani, bu aytganingizdek, balki o‘sha tadbirkorlar tarafiga ko‘proq hal qilinayotgan bo‘lishi mumkin. O‘zimiz yozgan qoidalarga o‘zimiz amal qilishimiz kerak-da”, – deydi u.
Husan Muqimovning aytishicha, Toshkentda har-har joyda osmono‘par binolar qurish shaharning arxitekturaviy qiyofasi buzilishiga olib keladi. Mutaxassis aynan osmono‘par binolar masalasini alohida, jiddiy tarzda ko‘rib chiqish tarafdori.
Suhbat davomida shaharsoz Germaniyada qurilish davomida yashillikka qanday munosabat qilinishi va mavzuga oid boshqa masalalardagi fikri bilan ham bo‘lishdi. To‘liq videoni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Mavzuga oid

23:49 / 04.08.2025
Hukumat “Sea Breeze Uzbekistan” qurilishini tasdiqladi

07:58 / 04.08.2025
Qurilish obektlarida QR kodli pasport o‘rnatiladi

18:12 / 02.08.2025
Muammolar girdobidagi qurilish sektori. Senat Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yubordi

15:21 / 02.08.2025