Jahon | 20:15
2516
5 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda Chikungunya virusi bilan kasallanish holatlari 7000 dan oshdi

Xitoyning Guandun provinsiyasida iyuldan buyon Chikungunya virusiga chalinish bilan bog‘liq 7000 dan ortiq holat aniqlandi va provinsiya rasmiylari kovid pandemiyasi chog‘ida ko‘rilgan choralarga o‘xshash choralarni ko‘rmoqda.

Foto: Getty Images

Yangi infeksiya o‘chog‘i – o‘n million kishi yashovchi Foshan shahrida kasallanganlar shifoxonalarda hashoratlardan himoyalovchi to‘rlar bilan o‘ralgan koykalarga yotqizilgan – ular bir hafta davomida yoki tahlillarida virus aniqlanishi to‘xtaguniga qadar shunday joylarda saqlanadi.

Chikungunya virusi chivinlar orqali tarqaladi. U isitma hamda bo‘g‘imlarda kuchli og‘riq keltirib chiqardi, alomatlar ba’zan yillar davomida yo‘qolmasligi mumkin.

Shu bilan birga, virus odamdan odamga yuqmaydi – uning tashuvchisi faqat chivinlar hisoblanadi. Ya’ni, virusga chalinish uchun uni yuqtirib olgan odamni chaqqan chivin chaqishi kerak bo‘ladi.

Xitoy rasmiylarining xabarlariga ko‘ra, hozircha Chikungunyaga chalingan bemorlarning barchasida yengil shakldagi simptomlar kuzatilmoqda va bemorlarning 95 foiziga bir hafta ichida javob berib yuborilmoqda.

Shunga qaramay, ko‘pchilikka notanish virusning paydo bo‘lishi Xitoyda biroz vahima uyg‘otdi.

Chikungunya epidemiyalari Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda, shuningdek, Afrikada tez-tez uchraydi, ammo Xitoyda bungacha bu qadar keng tarqalmagandi.

Uni birinchi marta 70 yil oldin Tanzaniyada uchratishgan va mahalliy tildagi «makonde» iborasi bo‘yicha nomlangan, bu taxminan «buralish» degan ma’noni anglatadi.

Chikungunya bilan kasallanish Foshandan tashqari Guandunning yana kamida 12 shahrida qayd etilgan. O‘tgan hafta davomida 3 mingga yaqin holat ro‘yxatga olingan.

Dushanba kuni qo‘shni Hongkongda birinchi zararlanish holati qayd etildi: iyul oyida Foshanda bo‘lib qaytgan 12 yoshli bolada isitma, toshma va bo‘g‘imlardagi og‘riqlar boshlandi.

Guandundagi mutaxassislar chivin lichinkalari bo‘lishi mumkin bo‘lgan joylarni o‘rganmoqda. Foto: Getty Images

Guandun hukumati yangi infeksiya tarqalishini to‘xtatish uchun qat’iy choralar ko‘rishini ma’lum qildi.

Fuqarolardan shunga o‘xshash alomatlar paydo bo‘lganda zudlik bilan eng yaqin shifoxonaga borib, virus bor-yo‘qligini tekshirish so‘ralgan.

Hokimiyat suv havzalarini tozalaydi, uylarda, masalan, gul tuvaklari yoki qahva mashinalarida to‘planib qolgan suvni chiqarib tashlashni buyurdi va buyruqqa amal qilmaganlarga 10 ming yuan (1400 dollar)gacha jarima solish bilan tahdid qildi. Turg‘un suvda chivinlarning lichinkalari yashaydi.

Bundan tashqari, mutaxassislar «fil chivinlari», ya’ni sut emizuvchilarning qonini ichmaydigan, aksincha, Chikungunya tashiydigan oddiy chivinlar bilan oziqlanadigan uzun oyoqli chivinlarni chiqarmoqda. Suv havzalariga esa lichinkalarni yeydigan baliqlar qo‘yib yuboriladi: o‘tgan hafta Foshanda 5000 ta shunday baliq qo‘yib yuborilgan.

Qo‘shni shaharlarning ba’zilarida Foshanga qatnovchilar uchun 14 kunlik uy karantini joriy qilingan, ammo hozirda bu bekor qilingan.

Ba’zilar bu choralarning barchasini kovid paytida ko‘rilgan choralar bilan solishtiradi va ularning kerakligiga shubha qiladi.

«Hammasi juda tanish. Ammo bularning barchasi aslida kerakmi?» – deb yozadi Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri.

«Karantinning nima keragi bor? Zararlangan odam atrofdagi odamlarni tishlashga bormaydi-ku!» – deb so‘raydi boshqasi.

Biroq, Xitoyda kovid pandemiyasi paytida ancha qat’iy choralar ko‘rilgandi: odamlar ko‘p qavatli uylarga qamalgan, butun shaharlar uzoq muddatli karantinga olingan va hokazo.

Chikungunya nima o‘zi?

Aksariyat hollarda chikungunya kasalligining belgilari shu nomdagi virusni tashuvchi chivin chaqqanidan keyin uch-yetti kun ichida namoyon bo‘ladi.

Isitma va bo‘g‘im og‘rig‘idan tashqari, kasallik toshma, bosh og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i va bo‘g‘imlar shishishi bilan birga kechishi mumkin.

Ko‘pincha bemorlar bir hafta ichida tuzala boshlaydi, ammo og‘ir holatlarda bo‘g‘imlardagi og‘riq oylar yoki hatto yillar davomida azob berishi mumkin.

Og‘ir shaklida Chikungunya ko‘pincha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga, keksalarga va boshqa kasalliklarga, masalan, yurak kasalligi yoki diabetga chalingan odamlarga ta’sir qiladi.

Chikungunyaga davo yo‘q, ammo o‘lim holatlari juda kam uchraydi.

Ushbu virus birinchi marta 1952 yilda Tanzaniyada aniqlangan, shundan so‘ng u Afrikaning boshqa hududlariga va Janubi-Sharqiy Osiyoga tarqalgan. Jami 110 mamlakatda ro‘yxatga olingan.

Mavzuga oid