Jahon | 19:26 / 07.08.2025
7976
4 daqiqa o‘qiladi

Urush nima bo‘lyapti?

Bugun 7 avgust, AQSh prezidenti Tramp Putin uchun belgilagan muddat tugashiga bir kun qoldi. Dedlayn tugashi arafasida tomonlar «g‘imirlab qolishdi», aftidan nimadir bo‘ladiganga o‘xshaydi. Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Uitkoff yana Moskvada

Kecha AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff yana Moskvaga bordi, oltinchi marta. Hozircha konservator do‘sti Taker Karlsonga intervyu berib, Putinni og‘zidan bol tomib maqtashga ulgurmadi. Uchrashuvda nimalar deyilgani ham noma’lum. Anig‘i shuki, Amerika Rossiyaga qandaydir jiddiy shart qo‘ya olgan ko‘rinadi. Uitkoffning Moskvaga tashrifi haqidagi gaplarga qaraganda shunga o‘xshayapti. Tramp Uitkoffning Putin bilan muloqotidan keyin Germaniya kansleri Mersga qo‘ng‘iroq qilib, Moskvadagi uchrashuv «kutilganidan ham yaxshi o‘tganini» aytgan.

Bu uchrashuv tugashi bilan Amerika nashrlari Tramp kelasi hafta Putin bilan uchrashmoqchi ekani, undan keyin Zelenskiy bilan yuzma-yuz ko‘rishishi haqida xabarlar yozdi. Albatta, Putin bilan bir hafta ichida uchrashuv tashkil qilish oson ish emas, lekin Vashington chindan rad qilib bo‘lmas shart qo‘ygan bo‘lsa, buni bir kunda ham eplash mumkin.

Kreml tasdiqladi

Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov Rossiya va Amerika prezidentlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishini tasdiqladi. Kreml mulozimiga ko‘ra, uchrashuv keyingi haftada o‘tkaziladi. Uitkoff Moskvaga tashrifi vaqtida Putin, Tramp va Zelenskiy o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv masalasini muhokama qilgan. Lekin ruslar bu taklifga javob bermadi. Ukraina prezidenti Zelenskiy ham «Moskva o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘nganga o‘xshayotgani» haqida gapirdi.

Bu nima degani?

Endi bu voqealar nimani anglatishi haqida. Hozirdan aytib qo‘yay, Tramp belgilagan dedlayn kuyib bo‘ldi. Ertaga AQSh belgilagan muddat tugaydi, lekin katta ehtimol Rossiyaga qarshi hech qanday sanksiya kiritilmaydi. Chunki Tramp maqsadiga erishdi. Sizlar bilan gaplashadigan gapim yo‘q, deydigan Putinni uchrashishga ko‘ndirdi. Yakkama-yakka uchrashuvda esa ko‘p narsaga kelishish mumkin. Va yana bir gap.

Putin Tramp bilan uchrashyaptimi, demak Uitkoff Moskvada aniq kelishuvga erishgan. Bunday katta odamlar pishmagan kelishuvni muhokama qilish uchun uchrashib o‘tirmaydi.

AQSh davlat kotibi Rubioning aytishicha, Uitkoff bilan uchrashuv vaqtida Rossiya ilk marta konkret nima istayotganini aytgan. Ya’ni buyog‘iga kelishish oson bo‘ladi. Kiyev ham kelishuvga qarshilik qilmasa kerak. Hozircha qanday ko‘rinishda kelishuv bo‘lishi noaniq, lekin Rossiya ham chekinsa kerak. Chunki faqat Ukraina chekinadigan bo‘lsa, bu o‘rtada turgan Amerika uchun uyatli bo‘ladi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Boburmirzo Anvarov.

Mavzuga oid