Jahon | 12:01
2760
3 daqiqa o‘qiladi

Putin Uitkoffga MRB direktori o‘rinbosarining o‘g‘liga berilgan Lenin ordenini topshirdi

Rossiya prezidenti Donald Trampning maxsus vakiliga Ukrainada o‘g‘li vafot etgan Markaziy razvedka boshqarmasi direktori o‘rinbosari uchun mo‘ljallangan Lenin ordenini topshirdi, deb yozadi CBS News.

Foto: Gavriil Grigorov/Sputnik/REUTERS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoffga AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) raqamli innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Julian Gallin Gloss uchun mo‘ljallangan Lenin ordenini topshirdi. Uning o‘g‘li, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolagan va Ukrainada jang qilgan 21 yoshli amerikalik Maykl Gloss 2024 yilda o‘sha yerda halok bo‘lgan. Rossiya prezidenti shu hafta Rossiyaga qilgan tashrifi chog‘ida Uitkoffga mukofotni topshirgan, deb xabar qildi CBS News 8 avgust, juma kuni. Axborot xizmatiga ko‘ra, «psixologik o‘yinlari bilan tanilgan» Putinning ishorasi Markaziy razvedka boshqarmasi xodimi bu urushda Rossiya tomonida jang qilganini ko‘rsatgan.

Ikki manbaning CBS News'ga aytishicha, Gloss Rossiya rasmiylari tomonidan yollangani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q va Kreml Glossning jasadi qoldiqlarini vataniga qaytarish paytida uning oilaviy aloqalari haqida bilgan. Oq uy, Markaziy razvedka boshqarmasi va Uitkoff vakillari ma’lumotga izoh bermadi. CBS News bilan bog‘langan Rossiya elchixonasi vakili ham rasmiy izoh yo‘qligini aytdi. Kreml va Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mukofot haqidagi ma’lumotni tasdiqlamagan.

Lenin ordeni — buyuk xizmatlari uchun, shu jumladan chet elliklarga berilgan sovet mukofoti. Boshqalar qatorida, u Sovet Ittifoqi agenti va MI6 Britaniya razvedka agentligining sobiq xodimi Kim Filbiga topshirildi. Maykl Gloss Markaziy razvedka boshqarmasi xodimi emas edi, deya aniqlik kiritdi CBS News.

Gloss — Amerika harbiy xizmatchilarining o‘g‘li. Julian Gallina Gloss Amerika Qo‘shma Shtatlari dengiz akademiyasini tamomlagan va 1990-yillarda u akademiya kursantlar korpusining birinchi ayol qo‘mondoni bo‘lgan. Razvedka sohasida 30 yillik ishidan so‘ng, 2024 yil fevral oyida u Markaziy razvedka boshqarmasi direktorining raqamli innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Glossning otasi Larri Gloss Qo‘shma Shtatlar dengiz floti faxriysi bo‘lib, AQSh hukumati va Pentagon uchun dasturiy ta’minot yaratuvchi tuzilmani boshqaradi.

Mavzuga oid