Jahon | 22:29 / 09.08.2025
2153
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Yevropa o‘z tinchlik rejasini taqdim etdi – WSJ

Unda avvalo o‘t ochishni to‘xtatish, so‘ngra faqat o‘zaro asosda hududlarni almashish nazarda tutilgan.

Foto: REUTERS

Yevropa davlatlari va Ukraina vakillari AQSh rasmiylariga Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etdi, deb xabar berdi The Wall Street Journal (WSJ) gazetasi manbalarga tayanib.

Kiyev va Yevropa davlatlari mojaro ishtirokchilariga boshqa choralar ko‘rishdan oldin avval o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qildi. Ittifoqchilar, shuningdek, hududlar almashinuvi faqat o‘zaro asosda amalga oshirilishini, ya’ni Ukraina ba’zi hududlardan chiqib ketsa, Rossiya ham boshqalaridan chiqib ketishi kerakligini taklif etgan.

Shuningdek, rejaga ko‘ra, agar Kiyev har qanday hududiy yon berishlarga rozi bo‘lsa, Ukraina qat’iy xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘ladi, jumladan, NATO a’zosi bo‘lishi mumkin.

Yevropa yetakchilarining yordamchilari 9 avgust kuni Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Amerika tomoniga rejani taqdim etdi. Unda shaxsan AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vens, videoaloqa orqali davlat kotibi Marko Rubio va AQSh prezidentining maxsus vakillari Kit Kellog va Stiven Uitkoff ishtirok etdi.

Nashrning qayd etishicha, Yevropa va Ukraina vakillari Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralar chog‘ida hisobga olinishi kerak bo‘lgan qizil chiziqni belgilagan holda reja taqdim etgan.

Yevropa vakillari Vens bilan uchrashuvda Ukraina kelajagi Ukrainasiz muhokama qilinmasligini aytgan. Rossiya va AQSh o‘rtasidagi har qanday kelishuv Yevropa davlatlari ishtirokisiz katta ahamiyatga ega bo‘lmaydi, dedi gazetaga Yevropaning yuqori martabali rasmiysi.

Avvalroq, Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha AQSh rejasi Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yetkazilgan edi.

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, Putin Ukrainadan Donetsk viloyatini to‘liq Rossiyaga berilishini talab qilgan. Shundan so‘ng, Rossiya ilgari anneksiya qilgan Zaporojiye va Xerson viloyatlarida front chizig‘ini muzlatishni taklif qilgan.

Vladimir Zelenskiy 9 avgust kuni Ukraina Rossiyaga «o‘z yerlarini sovg‘a qilmoqchi emasligini» aytdi.

Mavzuga oid