Iqtisodiyot | 10:30
4835
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» Ai-92 benzin narxi arzonlashtirilgani haqida xabar berdi

Avtobenzinning birja savdolaridagi 1 tonnasi boshlang‘ich narxi tushirildi. Bu chakana savdodagi narxga ham ta’sir qilishi kutilmoqda.

Foto: Kun.uz

Benzin ishlab chiqarish hajmi ortib, narx kamaytirildi, deb xabar berdi «O‘zbekneftgaz» AJ.

Ta’kidlanishicha, yoqilg‘i bozori barqarorligini saqlash, aholini yuqori sifatli benzin bilan ta’minlashga qaratilgan strategiya doirasida ishlab chiqarish jarayonlari optimallashtirilib, tannarxni kamaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Jumladan, Buxoro Neftni qayta ishlash zavodida (BNQIZ) ishlab chiqarilgan AI-92 rusumli avtobenzinning birja savdolaridagi 1 tonnasi boshlang‘ich narxi birinchi bosqichda 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mga tushirilgan.

«Bu esa o‘z navbatida, 1 litr AI-92 rusumidagi avtobenzinning birjadagi boshlang‘ich narxi 9400 so‘m ekanini anglatadi», deyiladi xabarda.

AI-92 benzinning birja savdolaridagi boshlang‘ich narxi tushirilishi chakana savdodagi narxga qanday ta’sir qilishi noma’lum.

Avvalroq, hukumatga 2026 yil 1 yanvarga qadar ekologik jihatdan zararli bo‘lgan AI-80 benzindan voz kechish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. AI-92 benzini arzonlashishi ushbu harakatlarni amalga oshirish fonida yuz bermoqda.

Mavzuga oid