Isroillik millatchi vazirlar urushni tiklashni talab qilmoqda
Isroil va HAMAS kelishuvga erishganidan keyin Itamar Ben Gvir va Betselel Smotrich kabi radikal millatchilar sochini yulayotgan bo‘lsa kerak, degandik. Ular chindan sochini yuldimi yoki yo‘q, bilmadik, lekin butun Falastin yerlarini bosib olib, falastinliklarni haydab solish kerak deb hisoblaydigan Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar ben Gvir iste’foga chiqdi.
«Netanyahu qizil chiziqni bosdi»
Itamar Ben Gvir o‘zi bilan birga yana ikki vazirni olib ketdi. Ularning uchalasi ham ultra o‘ngchilarning «Yahudiylar kuchi» partiyasi a’zosi hisoblanadi. Ben Gvirning aytishicha, bosh vazir Binyamin Netanyahu barcha g‘oyaviy qizil chiziqlarni bosib o‘tgan. Vazir HAMAS bilan kelishuvni «terrorizmning g‘alabasi» deb atadi.
Iste’foga chiqqan yana bir vazir Amixay Eliyagu HAMASga qarshi urush tiklansagina hukumatga qaytishi mumkinligini aytdi.
Isroil milliy xavfsizlik vaziri so‘zlariga ko‘ra, Netanyahu unga hukumatda qolishi uchun bosib olingan G‘arbiy sohilda yangi manzilgohlar qurishni va shtab boshlig‘i Hersi Halevini ishdan bo‘shatishni taklif qilgan. Biroq Netanyahu ma’muriyati bu gaplarni yolg‘on deb atadi.
HAMAS bilan kelishuvni Ben Gvirning «ideologik egizagi» Betselel Smotrich ham tanqid qildi. «Diniy sionizm» partiyasi a’zosi bo‘lmish moliya vaziri Smotrich hozircha koalitsiyadan chiqmasligini aytdi. U Netanyahu va Ben Gvir bilan suhbatdan keyin shunday qarorga kelgan. Smotrich Isroil kelishuvning birinchi bosqichidan keyin urushni tiklamasa, ya’ni ikkinchi bosqichga o‘tsa, hukumatdan ketish bilan tahdid qilgan. Isroil nashrlariga ko‘ra, bu millatchi radikal hukumatdan ketishi Isroilda muddatidan avval saylovlar o‘tkazilishiga olib keladi.
Netanyahu hozircha almashuv borasida to‘liq bayonot bergani yo‘q. U sulhni g‘alaba kabi ko‘rsatishga intilmayapti, chunki atrofidagi millatchi vazirlar G‘azoda qirg‘inni davom ettirish kerak deb hisoblaydi. Netanyahu agar kelishuv barbod bo‘lsa, G‘azoda urushni tiklashga va HAMASni yo‘q qilishga va’da bergan. Vaholanki, Isroil tomoni HAMAS ustidan g‘alaba haqida jar solib, urushni avval Livanga, keyin husiychilarga qarshi ko‘chirib bo‘lgandi.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid

13:54
G‘arbiy sohildagi quvg‘inlar, Falastin uchun kurashayotgan Harvard va portlatilgan rus generali - kun dayjesti

13:55 / 25.04.2025
Ochlikka ro‘para bo‘lgan G‘azo, sanksiyalardan xalos bo‘lishga urinayotgan Suriya va Rossiyaning Qirg‘izistonga tahdidi - kun dayjesti

20:55 / 24.04.2025
Ispaniya Isroildan millionlab o‘q-dori sotib olishdan bosh tortdi

13:30 / 24.04.2025