O‘zbekiston | 23:01 / 20.04.2025
42063
4 daqiqa o‘qiladi

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev IIBga chaqirildi

Qonunchilik palatasi sobiq deputati, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Yangiyo‘l tuman IIBga chaqirilib, telefoni olib qo‘yilganini bildirdi. Toshkent viloyati IIBB bunga fuqaro tomonidan berilgan ariza sabab bo‘lganini ma’lum qildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sobiq deputati, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev 19 aprel kuni Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani IIBga chaqirilganini ma’lum qildi.

U «ish uchun ahamiyati bo‘lmasada» mobil telefoni olib qo‘yilganini, IIB xodimlari o‘zi haqida qo‘shnilaridan ham ma’lumot to‘plaganini ta’kidladi.

Toshkent viloyati IIBB holatga munosabat bildirib, sobiq deputat fuqaro R.F.ning Yangiyo‘l tumani IIBga kiritgan shikoyat arizasi asosida chaqirtirilganini ma’lum qildi. Arizada Kusherbayev unga nisbatan ijtimoiy tarmoqlar orqali shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda haqorat qiluvchi ma’lumotlar tarqatgani bayon qilingan.

Ushbu ish doirasida hozirgi vaqtda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilayotgani munosabati bilan 19 aprel kuni Rasul Kusherbayev qonunda belgilangan tartibga ko‘ra, IIBga chaqirtirilgan va tegishli protsessual harakatlar amalga oshirilgan.

Toshkent viloyati IIBBga ko‘ra, Jinoyat-protsessual kodeksining 157, 159-moddalariga asosan tergovga qadar tekshiruvni har tomonlama to‘liq va sifatli olib borilishini ta’minlash hamda arizachi bayon etgan holatlarga aniqlik kiritish uchun tergov bo‘linmasi tomonidan qaror chiqarilib, Kusherbayevga tegishli mobil telefoni vaqtincha olinib, ko‘zdan kechirilgan.

Bayonotda ta’kidlanishicha, mazkur ish doirasida protsessual harakatlar davom ettirilmoqda.

IIBB Kusherbayev va «ayrim jamoatchilik faollari» tomonidan tarqatilayotgan go‘yoki asossiz ariza bo‘yicha ushlab turilishi, mobil telefonning ahamiyatsiz olib qo‘yilishi yoki qandaydir alohida surishtiruvlar olib borilayotgani haqidagi xabarlar haqiqatdan yiroq ekanini ta’kidladi.

«Fuqaroning arizasi mamlakatimizning qonun hujjatlariga ko‘ra, to‘liq tekshirilishi va huquqiy baho berilishi ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, idora har bir protsessual harakatning asosliligi va qonuniyligi ustidan o‘rnatilgan tartibda shikoyat keltirilishi ham mumkinligini eslatib o‘tdi.

IIBB jamoatchilik va OAVni asossiz ma’lumot tarqatmaslikka chaqirib, huquqni muhofaza qilish organlarining faoliyatiga aralashish va ma’lum bir maqsadda ishni ko‘rib chiqish natijalariga, shu jumladan, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali ta’sir qilishga urinish, belgilangan tartibda javobgarlik keltirib chiqarishini eslatdi.

Keyinroq Rasul Kusherbayev ustidan kiritilgan arizaga ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan posti sabab bo‘lgani haqida ma’lum qildi. «Alkashning ham gapiga munosabat qilish mumkin, lekin haqiqiy itga munosabat qilish kerakmas, garchu u o‘zini huquqshunos hisoblasa ham», deyiladi ushbu postda.

«Bu fikrdan o‘zini haqoratlangan deb hisoblagan kimdir ariza yozgan ekan. Qachondan beri matnni ekspertiza qilish uchun shaxsning telefoni olib qo‘yiladigan bo‘lgan, bunisi tushunarsiz», — deb yozadi ekologiya vaziri maslahatchisi.

 

 

Mavzuga oid