Jahon | 18:29 / 29.04.2025
901
2 daqiqa o‘qiladi

Nepal tajribasiz alpinistlarga Everestga chiqish uchun ruxsat bermaydi

Endi mamlakatdagi birorta 7 ming metrdan baland tog‘ zabt etilganidan keyingina Everestga ko‘tarilish uchun ruxsat olish mumkin bo‘ladi.

Foto: REUTERS

Nepal endi faqat mamlakatdagi 7 ming metrdan baland birorta tog‘ni zabt etgan alpinistlarga Everestga chiqish uchun ruxsat beradi. Hukumat shu orqali turistlar xavfsizligini ta’minlashga urinmoqda, deb yozadi Reuters.

Bunga qadar Nepal rahbariyati tarjibasiz alpinistlarning ham balandligi 8,8 ming metrdan oshadigan Everestga ko‘tarilishiga ruxsat berayotgani uchun tanqid qilingandi. Mamlakat daromadining katta qismini qoyaga chiqish, trekking va turizmdan keladigan mablag‘lar tashkil etadi.

Ko‘pincha «o‘lim zonasi»da — qoya ostidagi hududda uzundan-uzoq navbatlar yuzaga keladi. U yerda tabiiy kislorod yetishmasligi bois hududda uzoq vaqt qolish hayot va sog‘liq uchun zararli. Har yili Everestda bir necha alpinist halok bo‘ladi.

Nepalda chiqish mumkin bo‘lgan 400 dan ortiq tog‘ mavjud. Ularning 74 tasi balandligi 7 ming metrdan oshadi. Ammo rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu cho‘qqilar alpinistlar orasida u qadar mashhur emas.

Everestga chiqishga qo‘yiladigan cheklovlarga oid qonun loyihasi parlament yuqori palatasida ro‘yxatga olingan. Xalqaro ekspeditsiya faqat Nepaldagi emas, balki istalgan 7 ming metrdan baland cho‘qqi zabt etilganidan keyin Everestga yo‘l olishga ruxsat berilishini so‘ramoqda.

Yanvar boshlarida Nepal hukumati xorijliklar uchun Everest cho‘qqisiga chiqish to‘lovlarini oshirgandi. Yangi qoidalarga ko‘ra, chet elliklar uchun bahor mavsumida (mart—may) cho‘qqiga chiqish uchun to‘lov 11 ming dollardan 15 ming dollarga, kuz mavsumida (sentabr—noyabr) 5,5 ming dollardan 7,5 ming dollarga, qishda (dekabr—fevral) va yomg‘irli mavsumda (iyun—avgust) — 2,75 ming dollardan 3,75 ming dollargacha ko‘tarilgan.

Mavzuga oid