O‘zbekiston | 11:37
9789
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolarga yoshga doir pensiyani tayinlash tartibi yengillashtirilyapti

Pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda tayinlash tartibi belgilanyapti. Qonun loyihasi senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida «Aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga qaratilgan. Qonun bilan aholiga pensiya tayinlash tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini faol tatbiq etgan holda, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish maqsadida «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi qonunga pensiya olish yoshiga to‘lgan (erkaklar 60 yosh, ayollar 55 yosh) fuqarolarga yoshga doir pensiyani ularning alohida murojaatini talab etmagan holda proaktiv shaklda tayinlash tartibini belgilashga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Mazkur tartib amaliyotga tatbiq etilishi natijasida fuqarolardan pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga yoki Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish talab etilmaydi.

Bundan tashqari, pensiya yoshiga yetgan fuqarolarga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida pensiya tayinlash haqida qaror qabul qilinganida ularning telefon raqamlariga pensiya tayinlanganligi va uning miqdori to‘g‘risida sms xabar yuboriladi.

Qonunda shuningdek, fuqaro pensiya yoshiga yetib, ammo mehnat faoliyatini davom ettirib, keyinroq yoshga doir pensiya olish istagi bo‘lganida, proaktiv shaklda tayinlangan yoshga doir pensiyani rad qilish tartibini ham joriy etish nazarda tutilyapti.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga barcha nafaqalarni tayinlash va to‘lash Ijtimoiy himoya milliy agentligi vakolatiga o‘tkazilgani munosabati bilan «Davlat boji to‘g‘risida»gi va «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi qonunlarga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlarning fikricha, belgilanayotgan normalar fuqarolarga pensiya ta’minoti bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini oshirishga hamda ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid