Jahon | 10:55
12975
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Zelenskiyning Vatikandagi 15 daqiqalik suhbati tafsilotlari ma’lum qilindi

Zelenskiy Trampdan muzokaralardan chiqmaslikni va Putinga nisbatan qat’iyroq pozitsiyani egallashni so‘ragan. The Economist va Axios manbalari AQSh va Ukraina prezidentlarining Vatikandagi uchrashuvi tafsilotlarini so‘zlab berishdi.

Foto: Getty images

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 26 aprel kuni Vatikanda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan qisqa muddatli uchrashuv chog‘ida undan Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralardan chiqmaslikni so‘ragan, deb xabar berdi The Economist nashrining Ukrainadagi manbalari.

Manbalarga ko‘ra, Zelenskiy ajratilgan 15 daqiqadan o‘z pozitsiyasini yetkazish uchun foydalangan: Ukraina so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor, Rossiya esa – yo‘q, ammo Tramp buning uchun faqat o‘zi ta’minlay oladigan tinchlikdan voz kechmasligi kerak.

The Economist nashri mualliflari fikricha, Trampning Vatikandagi uchrashuvdan keyin Putinni tanqid qilgan posti uning Zelenskiyning gaplarini to‘g‘ri qabul qilganidan dalolat beradi. «Uning Putinga „laqillatgani“ uchun namoyishkorona tanbeh berishi bugungi kundagi eng keskin tanbeh bo‘ldi», – deb yozadi nashr.

Axios manbasi ham Vatikandagi uchrashuv tafsilotlari haqida gapirib, suhbat chog‘ida Zelenskiy Trampni Putinga nisbatan qat’iyroq pozitsiyani egallashga hamda o‘t ochishni to‘xtatish masalasini ustuvor vazifa qilib qo‘yishga chaqirgan.

Nashrning yozishicha, Vatikandagi uchrashuv Fransiya ishtirokida tashkil etilgan. Ukraina muzokaralar bo‘lishi haqida so‘nggi daqiqalarda tasdiqlangan xabar olgan. Shu bilan birga, Zelenskiyning maslahatchilari Tramp bilan uchrashish to‘g‘ri bo‘lishi haqida yakdil fikrda bo‘lmagan. Ulardan ayrimlari – «hali ham Oval kabinetda 28 fevral kuni ro‘y bergan voqealarni unuta olmaganlar» – Zelenskiyga bu to‘g‘ri g‘oya ekaniga ishonchi komil emasligini bildirgan.

Axios manbalaridan birining so‘zlariga ko‘ra, hech narsa oldindan kelishib olinmagan, avvaliga Zelenskiy va Tramp Rim papasi Fransisk dafn etilganidan keyin uchrashishi taxmin qilingan. Yakunda ular Avliyo Pyotr soborining o‘zida «o‘zaro to‘qnash kelishgan» va gaplashib olishgan.

Zelenskiy Trampga agar Tramp kuchliroq bosim o‘tkazmasa, Putin qilt etmasligini aytdi, deya ta’kidlaydi nashr suhbatdoshlari. AQSh prezidenti bunga javoban Rossiya prezidentiga munosabatini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini aytgan. Axios suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Tramp, aftidan, tinchlik muzokaralarining boshlang‘ich nuqtasi sifatida o‘t ochishni to‘xtatish taklifi muhokamasiga qaytishga rozi bo‘lgan.

Zelenskiy uchrashuvda Ukraina Qrimni Rossiyaga tegishli deb tan olmasligini takrorlagan, Tramp esa undan buni so‘ramayotganini bildirgan. Vashington taklif qilgan tinchlik rejasiga ko‘ra, AQSh 2014 yilda anneksiya qilingan yarimorol ustidan RF nazoratini tan oladi.

Ukraina prezidenti, shuningdek, AQSh prezidentini urushni to‘xtatish uchun yon berishdan qo‘rqmasligiga ishontirdi, ammo buning uchun unga yetarlicha kuchli xavfsizlik kafolatlari kerak. Axios manbasining so‘zlariga ko‘ra, o‘z navbatida, Tramp Zelenskiyga foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni imkon qadar tezroq imzolash uchun bosim o‘tkazgan.

Uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy birinchi marta Trampning Putin haqidagi fikrini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lganini his qildi, dedi nashr manbalari. Ular, shuningdek, Vatikandagi uchrashuv ijobiy o‘tganining ehtimoliy sabablaridan biri sifatida vitse-prezident Jyey Di Vens va Oq uyning maxsus vakili Stiv Uitkoffning yo‘qligini aytishdi, ular, ukrainlar fikricha, Rossiya pozitsiyasini ko‘proq qo‘llab-quvvatlashga moyil.

AQSh fevral oyi o‘rtalaridan beri Rossiya va Ukraina bilan urushni tugatish bo‘yicha alohida muzokaralar olib bormoqda. Dastlab Vashington hech bo‘lmaganda 30 kun davomida o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga erishishga harakat qildi (Kiyev taklifni qabul qildi, Moskva amalda rad etdi). Sulhga erishish yo‘lidagi urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchragach, AQSh tinchlik o‘rnatish bo‘yicha doiraviy kelishuvni ilgari surishga o‘tdi. G‘arb nashrlari e’lon qilgan hujjatda bu «Qo‘shma Shtatlarning har ikki tomon uchun yakuniy taklifi» ekani qayd etilgan.

Amerikalik mulozim The Economist nashri bilan suhbatda Oq uydagilar Putinning 9 may munosabati bilan uch kunlik sulh bo‘yicha taklifidan katta taassurotda emasligini aytgan. Tramp ma’muriyati vakillari bu g‘oyani ochiqchasiga tanqid qilishdi. 24 aprel kuni Kiyev bo‘ylab yo‘llangan va kamida 12 kishini hayotdan olib ketgan raketa zarbasi ham AQSh prezidentining g‘azabini qo‘zitgan. «Muzokaralar boshida Tramp Zelenskiydan juda hafsalasi pir bo‘lgan edi. Endi bu [xafagarchilik] Putinga nisbatan bo‘lmoqda», – degan nashr suhbatdoshi.

Bundan tashqari, Ukraina va G‘arb davlatlari delegatsiyalarining deyarli hech kim natija kutmagan texnik muzokaralari ularning pozitsiyalarini hayratlanarli darajada yaqinlashtirdi, deyiladi The Economist maqolasida. Vashington tinchlik rejasining ko‘plab bandlari Kiyev uchun nomaqbul bo‘lib qolayotgan bo‘lsa-da, hozir Ukraina va G‘arb vakillari o‘t ochishni to‘xtatgunga qadar hududlar bo‘yicha muzokaralarni kechiktirish, shuningdek, agar Rossiya shartlarni buzsa, sanksiyalarni qayta joriy etish bo‘yicha qarshi taklif ustida birgalikda ishlamoqda. G‘arb rasmiylaridan biri o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga shu haftadayoq erishilishi mumkinligiga umid bildirdi.

Urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda AQShning vositachiligi hali natija bermagan bo‘lsa-da, ukrainalik muzokarachilar «ehtiyotkorona optimizm» ko‘rsatmoqda, deb yozadi The Economist. «Biz o‘z pozitsiyamizni yaxshilashga harakat qilyapmiz. Lekin har tomondan aldashyapti. Va kimdir g‘alaba qozonish xavfi bor», – degan nashrga ukrainalik yuqori martabali amaldor.

Mavzuga oid