Toshkentda uyda giyohvand o‘simligini yetishtirgan shaxslar qo‘lga olindi
Ular issiqxona uslubida, tuvakda, maxsus yorug‘lik va havo almashinuvi vositalari yordamida taqiqlangan o‘simlikni yetishtirgani aniqlangan.
Toshkent shahrining Mirobod tumanida uy sharoitida giyohvandlik o‘simliklari yetishtirayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda IIBB xabar berdi.
Qayd qilinishicha, jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan olingan tezkor ma’lumot asosida uylardan birida tintuv o‘tkazilgan. U yerda bo‘yi 60 dan 170 santimetrgacha bo‘lgan giyohvandlik o‘simligi issiqxona uslubida, tuvakda, maxsus yorug‘lik va havo almashinuvi vositalari yordamida yetishtirilayotgani aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, 12 tup giyohvandlik o‘simligi, shuningdek, quritilib, iste’molga tayyorlab qo‘yilgan xomashyo daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilgan.
Xabarga ko‘ra, xuddi shu hududda yana bir turar joy binosi ko‘zdan kechirilganda, uning egasi ham giyohvandlik o‘simliklarini yetishtirayotgani ma’lum bo‘lgan. Huquq-tartibot xodimlarini ko‘rgach, u o‘simlikni suvga oqizib, yo‘q qilishga uringan, ammo niyatiga yetolmagan.
Jinoyat kodeksining 270-moddasiga ko‘ra, taqiqlangan ekinlarni yetishtirish 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Bundan tashqari, 273-moddada giyohvandlik vositalarini sotish maqsadida qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, olish, saqlash va boshqa harakatlar sodir etganlik uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Mavzuga oid

16:40
O‘zbekistonda elektromobil quvvatlash stansiyalari soni 1400 taga yetdi

16:17
Toshkentda ruxsatsiz o‘rnatilgan reklama, banner va peshlavhalar olib tashlanmoqda

20:17 / 02.05.2025
Toshkentda BYD piyodani urib yubordi

08:37 / 02.05.2025