Jahon | 02:18
2924
2 daqiqa o‘qiladi

Tutanxamon xazinasining bir qismi yangi muzeyga ko‘chirildi

Gizadagi Katta Misr muzeyiga olib kelingan kolleksiya orasida Tutanxamonning taxti, shuningdek, oltindan yasalgan zargarlik buyumlari va marjonlar mavjud.

Foto: RIA Novosti

Fir’avn Tutanxamon xazinalari kolleksiyasining bir qismi yangi muzeyga ko‘chirildi. Bu haqda Misr Turizm vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, 163 ta artefakt Gizadagi Katta Misr muzeyiga yetkazilgan bo‘lib, uning rasmiy ochilik marosimi 3 iyul sanasiga rejalashtirilgan.

Turizm vaziri Sharif Fathining so‘zlariga ko‘ra, Tutanxamonning «oltin kolleksiyasi»dagi eksponatlarning bir qismi muzeyning rasmiy ochilishiga so‘nggi tayyorgarliklar doirasida olib kelingan. Shuningdek, u yerga boshqa artefaktlar ham keltirilishi kutilmoqda.

Eksponatlar orasida Tutanxamonning taxti, shuningdek, oltindan yasalgan zargarlik buyumlari va marjonlar mavjud. Tutanxamon qabri 1922 yilda Luksordagi Podshohlar vodiysida qazish ishlari chog‘ida britaniyalik arxeolog Govard Karter tomonidan topilgan.

Keyinchalik ushbu kolleksiya, jumladan, oltin niqob ham, Qohirada joylashgan Tahrir maydonidagi Misr muzeyida namoyish etilgan. Gizada qurilayotgan yangi muzeyda esa Tutanxamon xazinalari uchun alohida zal ajratiladi. Misr hukumati yangi muzeyni «dunyoga tuhfa» deb atamoqda va ochilish marosimiga davlat rahbarlarini taklif qilishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Buyuk Britaniya va Misr arxeologlari Fiva qabristonida miloddan avvalgi 1500 yillar atrofida Qadimgi Misrda hukmronlik qilgan fir’avn Tutmos II qabrini topgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

 

 

Mavzuga oid