Chigirtkalar bosqini: Bu ham iqlim bilan bog‘liq muammomi?
Mamlakatimizning bir necha hududlarida chigirtka bosqini kuzatilyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolarda aks etgan bu balo tafsilotlari, bu hodisaning ob-havo bilan bog‘liq tomonlarini iqlimshunos Erkin Abdulahatov izohladi.

- Erkin aka, hasharot balosi aks etgan videolar tarqaldi...
- Shunday. Hududlarimizda chigirtka ko‘payishi xavfi prognoz qilingan edi va prognoz o‘zini oqladi. Bizning hudud azaldan chigirtka xavfi kamroq to‘qnashgan. Ammo so‘nggi yillarda, iqlim o‘zgarishi tufayli, afsuski, bu jarayon yuz bermoqda. Iqlim o‘zgarishi tufayli chigirtkalar ko‘payishi uchun sharoit yuzaga keladi. Bu havo haroratining ko‘tarilishi va yog‘ingarchilik. O‘tgan hafta shimolda yog‘ingarchilik kuzatildi. Chigirtkalar janub tomon migratsiya qildi. Iqlim o‘zgarishi tufayli bizning mintaqa asta-sekin Eron, Pokiston iqlimlariga xos iqlimga o‘tyapti.
Chigirtkalarning turlari juda ko‘p. Mahalliy qora chigirtkalar bir-ikki kun ko‘payadi, keyin yana yo‘qolib ketadi. Hosildorlikka katta zarar bermaydi. Lekin Marokash, Italiya chigirtkalar turlari sap-sariq bo‘ladi, shaqir-shuqur ovoz chiqaradi, katta zarar keltiradi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, Buxoro A380 avtomobil yo‘lida olingan videolardagi chigirtka Italiya chigirtkasi. Bizning Toshkent viloyatida Marokash chigirtkasi tarqalgan. Vohada ham, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari, Xo‘jand hududlarida ham Marokash chigirtkalari xavfi mavjud.
- Ularning marshrut yo‘nalishi qanaqa?
- Yaxshi savol. Masalan, 2020 yil bahor oylari juda ham nam bo‘ldi va orasida quyosh chiqishi kuzatildi. O‘shanda Toshkent viloyati hududlarini katta Marokash chigirtkalari bosgan. Undan keyingi yillarda Toshkent viloyati atrofida bu yuz bermadi. Keyingi, ya’ni 2021 yilda qurg‘oqchilik kelganligi tufayli bahor oylari yog‘ingarchilik kam bo‘lgani uchun chigirtkalar xavfi kuchli bo‘lmadi. Lekin o‘sha yilda Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarini chigirtka bosgan. O‘tgan yili namgarchilik ko‘p bo‘ldi va juda ham ko‘p hududlarimizda chigirtka bosqini yuz berdi.
8 may kuni Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida ayrim hududlarda juda ko‘p yomg‘ir yog‘di – qisqa vaqt ichida to‘qqiz millimetr yog‘di. Mana shu yomg‘ir va orqasidan haroratning ko‘tarilib ketishi aynan mana shu turdagi chigirtkalarning ko‘payib ketishiga olib keldi. Bu katta Marokash yoki Italiya chigirtkalariga o‘xshamayapti.
Har yili chigirtkaga qarshi millionlab gektar maydonlarga ishlovlar beriladi.
Kamoliddin Ikromov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

14:03 / 11.05.2025
Buxoro va Xorazmni bog‘lovchi yo‘lni chigirtkalar bosdi

11:17 / 06.05.2025
May oyida vodiyda me’yorga yaqin harorat kutiladi, mamlakatning katta qismida oy xuddi iyun kabi o‘tadi

10:20 / 05.05.2025
Nurobodda qariyb 17 ming gektar maydonda zararli chigirtkalar tarqalgani aniqlandi

15:55 / 26.04.2025