Jahon | 21:35 / 16.05.2025
4792
3 daqiqa o‘qiladi

Yozuvchi Salom Rushdiyga hujum qilgan shaxs 25 yilga qamaldi

2022 yilda Nyu-Yorkda britaniyalik yozuvchi Salmon Rushdiyga pichoq bilan hujum qilgan 27 yoshli Hadi Matar sud hukmi bilan 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Foto: REUTERS

Nyu-York shtati okrug sudi britaniyalik yozuvchi Salmon Rushdiyga hujum ishi bo‘yicha ayblangan 27 yoshli Jyersi Hadi Matarni 25 yilga ozodlikdan mahrum etdi, deb xabar beradi The Guardian.

Sud jarayoni 10 fevral kuni Chautokva okrugida boshlangan edi. 21 fevralda sud hay’ati Matarni qotillikka urinishda aybdor deb topgan.

Matarning advokati Endryu Brotigan sud hay’ati oldida chiqish qilib, ayblov tomoni o‘z himoyasi ostidagi shaxs Rushdiyni o‘ldirmoqchi bo‘lganini isbotlay olmaganini ta’kidladi. Xususan, uning aytishicha, Matar yozuvchining yurak sohasiga zarbalar bermagan.

O‘z navbatida prokuratura «kimningdir yuz va bo‘yin qismiga pichoq bilan 10-15 marta zarba beriladigan bo‘lsa, bu o‘limga olib kelishi ayon» ekanini bildirgan.

Matar AQShga Livandan ko‘chib kelgan oilada tug‘ilgan. U Nyu-Jyersida yashagan va kiyim-kechaklar bilan savdo qiluvchi do‘konda ishlagan. Matarning onasiga ko‘ra, o‘g‘li u va oilasining boshqa a’zolari bilan oylab ham gaplashmay yura olgan.

2022 yil avgustda Matar Chautokva shahri ta’lim markazida Rushdiyga hujum qilgandi — u quvg‘inga uchragan yozuvchilarga boshpana taqdim etish to‘g‘risida ma’ruza qilishi kerak bo‘lgan. Ma’ruza boshlanishidan oldin Matar sahnaga ko‘tarilgan va Rushdiyga tashlangan. Odamlar uni chetga olib, politsiyaga topshirgunga qadar Rushdiyga 15 marta pichoq urishga ulgurgan. Hujum oqibatida Rushdiy o‘ng ko‘zidan ayrilgan.

AQSh Adliya vazirligi versiyasiga ko‘ra, Matar Rushdiyga yozuvchini o‘ldirishga chaqiruvchi fatvoni bajarishga uringan. Rushdiy 1980 yillarda «Shayton suralari» romanini yozganidan so‘ng shia musulmonlarining g‘azabiga uchragan. Eron diniy rahnamosi oyatullo Humayniy Salmon Rushdiyni o‘ldirishga fatvo bergan.

Yozuvchi 2016 yilda AQSh fuqaroligini olgan. Rushdiy 1981 yilda «Yarim tun bolalari» asari uchun Buker mukofotini qo‘lga kiritgan.

Mavzuga oid