O‘zbekiston | 20:32 / 18.05.2025
2328
2 daqiqa o‘qiladi

Bir oyda 590 mingdan ortiq yo‘l harakati qoidabuzarligi aniqlandi - IIV

«Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari natijasida aniqlangan qoidabuzarliklarning 3 mingdan ortig‘i transport vositasini mast holda boshqarish bilan bog‘liq.

Foto: Videodan kadr

Ichki ishlar vazirligi 15 apreldan 15 mayga qadar hamkor tashkilotlar ishtirokida respublika miqyosida o‘tkazilgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarining natijalari bilan bo‘lishdi.

Qayd etilishicha, tungi vaqtlarda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududlarda o‘ntadan sohaviy xizmatlardan iborat hamkor guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Natijada, respublika bo‘yicha ko‘cha va jamoat joylarida bezorilik jinoyati 25,6 foizga kamayishiga erishilgan. Tezkor profilaktik tadbirlar davomida hayot va sog‘liq uchun xavfli tig‘li buyumlarni olib yurgan jami 17 mingdan ortiq shaxs aniqlangan.

Shuningdek, jinoyat sodir etib, sud va tergov idoralaridan yashirinib yurgan 100 dan ortiq qidiruvda bo‘lgan shaxslar profilaktika inspektorlari tomonidan aniqlangan. Bundan tashqari, mayda bezorilik sodir etgan 10 mingdan oshiq shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilgan.

Profilaktik chora-tadbirlar natijasida respublika bo‘yicha oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 36 foizga, shuningdek, voyaga yetmagan va yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 20 foizga kamayishiga erishilgan.

Ta’kidlanishicha, tadbir davomida 590 mingdan ortiq yo‘l harakati qoidabuzarliklari qayd etilgan bo‘lib, 67 mingdan ortiq transport vositasi jarima maydonlariga joylashtirilgan. Ularning 3 mingdan ortig‘i — transport vositasini mast holda boshqargan, 1900 dan ortig‘i — xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmagan, 700 dan ortig‘i — haydovchi transport vositalariga noqonuniy jihozlar, ya’ni sirena va migalka o‘rnatgan, 48 mingdan ortiq shaxsda mashinani boshqarish bo‘yicha tegishli hujjatlar bo‘lmagan.

Mavzuga oid