O‘zbekiston | 16:05 / 19.05.2025
5464
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Toshkent metrosini TTZgacha olib borish rejalari bilan tanishdi

Loyihani ikki bosqichda amalga oshirish reja qilingan. 1-bosqichda Pushkin bekatidan Feruza dahasigacha mavjud temir yo‘lga parallel ravishda yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. 2-bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasi shoh bekatigacha yo‘nalish barpo etiladi.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov / Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevga Toshkent metropolitenini rivojlantirish bo‘yicha rejadagi loyihalar yuzasidan axborot berildi.

Ma’lum qilinishicha, metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan.

Bu bo‘yicha o‘tgan avvalgi muhokamalarda Prezidentimiz loyihani mablag‘ va qulaylik jihatidan maqbullashtirish vazifasini qo‘ygan edi. Shu asosida tayyorlangan yangi taklifga ko‘ra, loyihani 2 bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Birinchi bosqichda Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Mirzo Ulug‘bek tumanining Feruza dahasigacha mavjud temir yo‘lga parallel ravishda yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi.

Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasi shoh bekatigacha yo‘nalish barpo etiladi.

Hozirgi kunda shu tomondan poytaxtimiz markaziga bir kunda 47 mingta avtotransport, jami 194 mingta yo‘lovchi kirib kelishi kuzatilmoqda. Rejalashtirilgan yangi yo‘nalish 85 ming yo‘lovchini qamrab olishi kutilmoqda.

Taqdimotda loyihaning texnik va amaliy jihatlari batafsil ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan davrda Yunusobod yo‘li Turkiston bekatigacha, Chilonzor yo‘li Sergeli tumanigacha uzaytirildi, Do‘stlik bekatidan Sergeligacha yerusti halqa metro yo‘li barpo etildi.

Mavzuga oid