Jahon | 18:15 / 20.05.2025
2219
3 daqiqa o‘qiladi

Bombardiro Krokodilo - Qozog‘istonda SI multfilmlari xavfli deb e’lon qilindi

Bombardiro Krokodilo, Tralalero Tralala va boshqa personajlar ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘ldi. Qozog‘iston Ta’lim vazirligi ularning bolalar uchun xavfli ekanini ta’kidlamoqda.

Foto: YouTube

Qozog‘iston Ta’lim vazirligining Bolalar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi «buzg‘unchi ma’lumot tarqatuvchi» multfilmlarning bolalar uchun xavfli ekani haqida bayonot berdi, deb yozdi Informburo.

Bombardiro Krokodilo, Tralalero Tralala va boshqa personajlar ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘ldi. Ular ishtirokidagi videolar millionlab tomosha va «layk» yig‘moqda. Qahramonlar sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan va italyan tilida aytilgan. Yaqinda tarmoq foydalanuvchilari videolarni tarjima qilishga qaror qildi va hayratda qoldi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Bombardiro Krokodilo «uchib yuruvchi timsoh» bo‘lib, «G‘azo va Falastindagi bolalarni bombardimon qiladi». Qolaversa, «qahramonlarning ta’riflarida behayo so‘zlar va Xudoga nisbatan haqoratlar mavjud».

«Bolalar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tashqi ko‘rinishida bolalar kontenti sifatida yaratilgan, lekin yashirin buzg‘unchi ma’nolarni o‘z ichiga olgan multfilmlarning internetda tarqatilishidan xavotir bildiradi. Zararsiz videolar niqobi ostida bolalar tashvish uyg‘otuvchi, tajovuzni qo‘zg‘atuvchi va asosiy ma’naviy qadriyatlarga putur yetkazuvchi tasvirlarni ko‘rishga majbur bo‘lmoqda», deyiladi xabarda.

Shu munosabat bilan Bolalar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi normativ-huquqiy bazani zamonaviy raqamli voqelikni hisobga olgan holda takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlamoqda. Tegishli xatlar keyinchalik qayta ishlash uchun Madaniyat va axborot vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligiga yuboriladi.

«Farzandlaringiz nima tomosha qilayotgani, kimlar bilan muloqot qilayotgani va internetda qanday mavzularni muhokama qilayotganiga ayniqsa e’tiborli bo‘lishingizni so‘raymiz. Farzandingiz bilan muntazam suhbatlashing, uning tanqidiy fikrlashi va zararli ma’lumotlarga qarshilik ko‘rsatishni rivojlantiring. Agar shubhali kontentni aniqlasangiz, darhol tegishli organlarga xabar bering. Sizning ishtirokingiz farzandingizning raqamli muhitda xavfsizligini ta’minlashning asosiy omilidir», deyiladi Ta’lim vazirligi xabarida.

Mavzuga oid