Jamiyat | 16:32 / 20.05.2025
16107
3 daqiqa o‘qiladi

Metro mashinisti turmush o‘rtog‘ini o‘ldirib, kanalga uloqtirib yubordi

Qotillikka o‘zaro kelishmovchilik va surunkali davom etib kelgan oilaviy janjallar sabab bo‘lgan. Pichoqlab, kanalga tashlab yuborilgan marhuma homilador ekani aniqlangan. Erkak hamshira bo‘lib ishlovchi ayoli savdo-sotiq qilish uchun Turkiyaga borib kelganidan so‘ng o‘zgarib qolib, uni qarzga botirganini, marhumaning homiladorligini bilmaganini aytgan.

Yangiyo‘l tumanida turmush o‘rtog‘ining qotiliga aylangan 28 yoshli shaxsga sud hukmi o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1997 yilda tug‘ilgan D.N. “Toshkent metropoliteni” DUKda elektropoyezd mashinisti bo‘lib ishlab kelgan. U oilaviy janjal tufayli ota uyiga ketib qolgan turmush o‘rtog‘i G.N. bilan gaplashib olish maqsadida 2024 yil 10 dekabr kuni ertalab xotini ishlaydigan oilaviy poliklinikaga borgan. Erkak turmush o‘rtog‘ini ishxonasidan olib chiqib, Nexia mashinasiga mindirgan hamda Yangiyo‘l tumani Baytish mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Salar kanali yoniga olib borgan.

Mashinasini kanaldan o‘tuvchi ko‘prik ustida to‘xtatgan D.N. yonidagi oshxona pichog‘i bilan G.N.ning chap ko‘krak qafasiga zarba berib, uni qasddan o‘ldirgan. So‘ng marhuma murdasini mashinadan tushirib, Salar kanaliga tashlab yuborgan va voqea joyidan yashiringan.

D.N. sudda aybiga iqrorlik bildirgan.

G.N. bilan 2021 yilda sevishib turmush qurganmiz. Bir nafar o‘g‘lim bor. G.N. Yangiyo‘l tumanidagi oilaviy poliklinikada ishlab kelgan. 2023 yilda turmush o‘rtog‘im savdo-sotiq qilish maqsadida Turkiya davlatiga borib keldi. Shundan so‘ng uning harakatlarida o‘zgarishlar boshlandi. U bilan tez-tez oilaviy kelishmovchiliklar kelib chiqdi. Ko‘pchilikdan qarz olib, mendan yashirib kelgan. Shu kabi holatlar takrorlanib turganidan so‘ng o‘rtamizdagi munosabatlar sovuqlashib qoldi.

2024 yil may oyidan buyon G.N. bilan birga yashamay keldik. Biroq o‘rtada farzand bo‘lgani va sevib oila qurganim sababli yarashish niyatim bor edi. Shu uchun farzandim va turmush o‘rtog‘imdan uyiga borib xabar olib turdim”, degan erkak suddagi ko‘rsatmasida.

Shuningdek, u turmush o‘rtog‘i bilan olgan pullarini qayerga ishlatganini so‘rash va gaplashib olish maqsadida uchrashganini, qilgan ishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini aytgan.

Marhumaning yaqinlari esa D.N. aslida ikki kishining hayotiga zomin bo‘lganini bildirib, unga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni so‘rashgan.

JIB Yangiyo‘l tuman sudi hukmi bilan D.N. Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni qasddan o‘ldirish) sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Mavzuga oid