Jahon | 16:51 / 22.05.2025
19367
5 daqiqa o‘qiladi

Vashingtonda Isroil elchixonasining ikki xodimi otib o‘ldirildi

Isroil elchixonasining ikki xodimi Vashington markazidagi Yahudiylar muzeyi yaqinida otib ketildi. Hujumda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olingan.

x.com/IsraelinUSA

Bir erkak va bir ayol mahalliy vaqt bilan 21 may kuni soat 21:05 atrofida (Toshkent vaqti bilan 22 may kuni soat 06:05) Yahudiylar muzeyida G‘azo aholisiga yordam ko‘rsatishga bag‘ishlangan tadbirdan chiqib ketayotganda o‘ldirilgan, deb xabar berdi BBC’ga uchrashuv tashkilotchisi.

Isroil elchixonasi matbuot kotibi Tal Naim Koenning ma’lum qilishicha, qurbonlar hujum qilgan shaxs tomonidan yaqin masofadan turib otib o‘ldirilgan.

Isroilning AQShdagi elchixonasi Vashingtonda halok bo‘lgan juftlikning ismlarini oshkor etgan, shuningdek, Yaron va Saraning birgalikda tushgan surati e’lon qilingan.

Isroil nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, ularning to‘liq ismlari Yaron Lishchinskiy va Sara Milgrim.

Isroilning AQShdagi elchisi Yyexiyel Leyter o‘ldirilganlar turmush qurish arafasida bo‘lgan yoshlar bo‘lganini ma’lum qilgan.

«Ushbu o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan yo‘qotishdan qayg‘urishimiz va dahshatimizni to‘liq ifodalash uchun so‘z yo‘q. Bizning qalbimiz ularning oilalari bilan. Elchixona ushbu dahshatli paytda ularga qo‘lidan kelgan barcha yordamni ko‘rsatadi», – deyiladi diplomatik idora xabarida.

Gumonlanuvchi politsiya tomonidan qo‘lga olingan va u Chikagoda yashovchi 30 yoshli Elias Rodriges ekani aniqlangan. Politsiyaning ta’kidlashicha, u hibsga olish chog‘ida «Falastinga ozodlik» shiorini baland ovozda aytgan.

Federal qidiruv byurosining Vashingtondagi bo‘limi direktori o‘rinbosari Stiv Jyensenning aytishicha, gumonlanuvchi «terrorizmga aloqadorligi ehtimoli» bo‘yicha tekshiriladi.

Kolumbiya okrugi politsiyasi rahbari Pamela Smit matbuot anjumani chog‘ida Rodriges ilgari huquq-tartibot idoralari e’tiboriga tushmagani va uning tarjimayi holida «e’tiborni tortadigan hech narsa yo‘qligi»ni aytdi.

Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar «bugungi teraktdan larzaga tushgani»ni aytdi va «butun dunyo bo‘ylab Isroil vakillari doimo xavf ostida» ekanini qo‘shimcha qildi.

«Men Vashingtonda sodir bo‘lgan voqeadan hayratdaman. Bu nafrat va antisemitizmning jirkanch harakati bo‘lib, Isroil elchixonasining ikki yosh xodimining hayotiga zomin bo‘ldi», – deb yozdi X ijtimoiy tarmog‘ida Isroil prezidenti Isxak Gersog.

AQSh prezidenti Donald Tramp buni «juda achinarli» va «»yaqqol antisemitizmga asoslangan hujum» deb atadi.

«Biz Isroilning Vashingtondagi elchixonasining ikki xodimi o‘ldirilishini qat’iy qoralaymiz. Duolarimiz ularning yaqinlari bilan. Bu qo‘rqoq, antisemit zo‘ravonlikning qo‘pol harakati edi. Shubhalanmang: biz aybdorlarni topamiz va ularni odil sudlovga topshiramiz», – dedi AQSh Davlat departamenti rahbari Marko Rubio.

FQB xodimlari voqea joyida. Foto: ALEX WROBLEWSKI/AFP via Getty Images

Amerika yahudiylar qo‘mitasining Yahudiylar muzeyidagi tadbiri tashkilotchisi Jojo Kalin BBC bilan suhbatda hujum qilgan shaxsni ko‘rganini aytib bergan.

Kalinning so‘zlariga ko‘ra, u otishmadan ko‘p o‘tmay muzey binosiga kirgan va «juda sarosimaga tushgan» holatda bo‘lgan.

«Qo‘riqchilar uni tasodifiy guvoh yoki o‘tkinchi deb o‘ylab, ichkariga kiritishdi», – deydi qiz.

Kalin hatto unga suv ham taklif qilgan, chunki erkak besaranjom edi. Lekin to‘satdan u qo‘liga qizil ro‘molcha oladi-da: «Falastinga ozodlik!» deb qichqiradi.

Shundan so‘ng erkak qo‘lga olingan. Qalin uning quroli borligini sezmaganini aytadi.

Yahudiy muzeyidagi tadbir birdamlikni mustahkamlash va yahudiy merosini nishonlash maqsadida yosh mutaxassislar uchun «kokteyl kechasi» sifatida tashkil etilgandi.

Tashkilotchilar – Amerika yahudiylar qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, unda ishtirok etish Vashington diplomatik hamjamiyati vakillari uchun ham ochiq bo‘lgan.

Tadbir tavsifida faxriy mehmonlar qatorida Yaqin Sharqda, jumladan, G‘azodagi inqirozli hududlarda ishlayotgan, gumanitar yordamni yig‘ish va yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchilar ham bo‘lishi aytilgan.

Tadbir o‘tkazilish vaqti ochiq ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, aniq manzil faqat ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilarga ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid