O‘zbekiston | 17:39 / 07.06.2025
8423
3 daqiqa o‘qiladi

Bir nechta tashkilotlar Enter Engineering kompaniyasini sudga berdi

Xodimlari ish haqi vaqtida berilmasligidan tez-tez shikoyat qilib turadigan Enter Engineering kompaniyasi elektr energiyasidan ham qarzdor bo‘lishi mumkin: “Hududiy elektr tarmoqlari” kompaniyani yetkazib berilgan elektr energiyasi masalasida sudga berdi. Bundan tashqari, Enter Engineering'ga nisbatan Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi tashkilot va yana kamida bitta xususiy korxona kiritgan da’vo arizalari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Foto: Enter Engineering

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Enter Engineering kompaniyasi ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda sud majlislari jadvalida keltirilgan.

Unga ko‘ra, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ 2025 yil 24 aprel kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga Enter Engineering kompaniyasi ustidan da’vo arizasi kiritgan. Da’vo arizasi kompaniyaga yetkazib berilgan elektr energiyasi masalasi bilan bog‘liq.

Ishni birinchi instansiyada ko‘rib chiqish 2025 yil 20 iyun kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudida sudya Anvar Usmonov raisligida boshlanadi. Kun.uz holatga aniqlik kiritish maqsadida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga so‘rov yubordi.

Sud majlislari jadvaliga ko‘ra, 20 iyun kuni Toshkent shahar sudida Enter Engineering'ga nisbatan Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish davlat muassasasi kiritgan ariza ham ko‘rib chiqiladi. Da’vo mazmuni – haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, shu kuni va xuddi shu sudda Enter Engineering'ning Boysun gazni qayta ishlash zavodi qurilishiga mas’ul sho‘basi “Shahus-Servis” MChJ tomonidan kiritilgan da’vo arizasi doirasidagi ishda javobgar sifatida qatnashadi. Bu ish hakamlik muhokamasi bilan bog‘liq.

Enter Engineering kompaniyasi xodimlari ish haqi vaqtida berilmasligi yuzasidan tez-tez shikoyat qilishi ortidan OAV e’tiboriga ko‘p tushadi.

Avvalroq Chilonzor tuman bandlik bo‘limi Enter Engineering'ning rossiyalik xodimiga 57 ming dollar oyligini undirib bergandi. 2024 yilning noyabr oyida ham ushbu kompaniyaga bevosita va bilvosita aloqador tashkilot xodimlari Kun.uz'ga murojaat qilib, bir necha oydan beri maosh to‘lanmayotganini aytishgandi.

Ma’lumot uchun, Enter Engineering 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib, muqaddam “Gazprombank” nazoratida bo‘lgan. Kompaniya neft va gaz, sanoat va fuqarolik obektlarini loyihalash, yetkazib berish, qurish va ishga tushirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

Avvalroq Humans mobil operatori “O‘zbektelekom”dan katta miqdorda qarzdorligi ma’lum bo‘lgandi. Davlat kompaniyasi qarzdorlikni undirish uchun sudga murojaat qilgan.

Mavzuga oid