Jahon | 13:15 / 16.06.2025
3155
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu: Isroil zarbalari Eronda hokimiyat almashishiga olib kelishi mumkin

Fox News telekanaliga bergan intervyusida Isroil bosh vaziri TSAHAL operatsiyasi allaqachon Eron yadro sanoatini «sezilarli darajada orqaga surganini» va Isroil Tramp bilan «to‘liq muvofiqlashgan holda» harakat qilayotganini aytdi.

Foto: Ronen Zvulun / Reuters

Tehronda hokimiyatning o‘zgarishi «albatta, Isroilning Eron hududiga bergan zarbalari natijasi bo‘lishi mumkin», chunki «Eron rejimi juda zaif». Bu fikrni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 15 iyun, yakshanba kuni efirga uzatilgan Amerikaning Fox News telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.

Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlarining (TSAHAL) operatsiyasi Erondan kelayotgan ikkita «ekzistensial» tahdid – yadroviy qurol va ballistik raketalarni yo‘q qilishga qaratilgan va Isroil bu maqsadga erishish uchun «qo‘lidan kelgan barcha ishni» qilishga tayyor. «Biz nafaqat o‘zimizni, balki butun dunyoni bu o‘t qo‘yuvchi rejimdan himoya qilish uchun harakat qilyapmiz. Biz dunyodagi eng xavfli rejim dunyodagi eng xavfli qurollarga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», — deya ta’kidladi Isroil hukumati rahbari.

Uning fikricha, TSAHAL hujumlari natijasida Eron yadroviy dasturi allaqachon «sezilarli darajada orqaga chekingan». Netanyahuning ta’kidlashicha, Isroil samolyotlari uchun Eron poytaxtiga «to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘l» ochilgan va endi ular «Tehron va boshqa joylarda to‘g‘ri nishonlarga» zarba bera oladi. Isroil harbiylari 14 iyun oqshomida Tehron va g‘arbiy Eron osmonida to‘liq hukmronligini e’lon qildi.

Shu bilan birga, Netanyahu Fox News telekanaliga bergan intervyusida Isroil AQSh prezidenti Donald Tramp bilan «to‘liq muvofiqlashgan holda» harakat qilayotganini aytdi.

Tramp 13 iyun kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida Isroilning Eronga zarba berish rejalari haqida oldindan bilganini, biroq AQSh bu amaliyotda ishtirok etmaganini aytdi. U javob zarbasi berilgan taqdirda Qo‘shma Shtatlar o‘zini va Isroilni himoya qilishiga va’da berdi, biroq Tehron bilan muzokara stoliga qaytishga umid bildirdi. Oq uy rahbari: «Eron hech narsasi qolmasligidan oldin kelishuvga erishishi kerak», dedi.

Mavzuga oid