Jahon | 12:30 / 18.06.2025
2058
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Rossiyaga bosim strategiyalari bo‘yicha ishchi guruh tarqatib yuborildi

Bahorda tuzilgan va Rossiyani tinchlik muzokaralariga majburlash strategiyasini ishlab chiqish vazifasi bo‘lgan idoralararo guruh bir necha hafta oldin ishini to‘xtatgan, deb yozadi Reuters.

Foto: Global Look Press/Valerie Plesch

Reuters xabariga ko‘ra, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarni tezlashtirish uchun Rossiyaga bosim o‘tkazish strategiyasini ishlab chiqayotgan Vashingtondagi idoralararo ishchi guruh o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Agentlik 17 iyun, seshanba kuni AQShning uch rasmiy vakiliga tayanib xabar berishicha, guruh so‘nggi bir necha hafta ichida amalda tarqatib yuborilgan.

Erta bahorda tuzilgan ishchi guruh, jumladan, Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga va eksportdan daromad olishga yordam beradigan sobiq SSSR, Sharqiy Yevropa va Osiyo mamlakatlariga bosimni kuchaytirish choralarini muhokama qilgan. May oyi oxirida guruh faoliyati to‘xtab qoldi, chunki uning ishtirokchilariga AQSh prezidenti Donald Tramp Moskvaga nisbatan ko‘proq qarama-qarshilik pozitsiyasini egallashdan manfaatdor emasligi ayon bo‘ldi, deya ta’kidladi agentlik manbalari.

Ishchi guruhning vazifasi tobora ahamiyatsiz bo‘lib qoldi, chunki Tramp Ukrainadagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan sa’y-harakatlardan hafsalasi pir bo‘ldi, bu esa hech qanday yutuqlarga olib kelmadi, deb yozadi Reuters. Unga ko‘ra, idoralararo guruh faoliyatiga eng so‘nggi zarba taxminan uch hafta oldin Milliy xavfsizlik kengashi (MXK)ning ko‘pchilik a’zolari, jumladan, Ukrainadagi urush muammolari bilan bevosita shug‘ullangan jamoaning ishdan bo‘shatilishi bo‘ldi.

Mavzuga oid