O‘zbekiston | 13:49
7608
3 daqiqa o‘qiladi

Denov tuman sudi sobiq raisiga oid jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda

Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi sobiq raisi Kamoliddin Murodov mast holatda mashina boshqarib, YTH sodir qilganlikda gumonlanmoqda. Ushbu YTHda mashinada bo‘lgan advokat voqea joyida vafot etgan. Kamoliddin Murodov suddan yashiringani uchun sirtdan qamoqqa olinib, qidiruvga berilgan va unga nisbatan ko‘rilayotgan jinoyat ishi harakatdan to‘xtatib qo‘yilgandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Denov tuman sudi sobiq raisi Kamoliddin Murodovga oid jinoyat ishi sudda ko‘rilmoqda. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, sobiq sud raisi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan transport vositalaridan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lish jinoyati bo‘yicha ayblanmoqda. Unga oid jinoyat ishi Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida birinchi instansiyada ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilmoqda.

Sobiq sud raisi joriy yil 9 mart kuni advokat tanishi bilan YTHga uchragan. Buning oqibatida advokat og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Kamoliddin Murodov aybiga umuman iqrorlik bildirmagan hamda mashina boshqaruvida o‘zi bo‘lganini rad etgan. Ammo sud-biologik ekspertizasi rulda u bo‘lganini tasdiqlagan.

Kamoliddin Murodov va ukam bir-birlari bilan yaxshi tanish edi. Voqea sodir bo‘lgan kuni sud raisi o‘z xizmat mashinasida ukamning uyiga kelgan. Keyin ular ukamga tegishli Lacetti mashinasida qayergadir chiqib ketishgan.

Ortga qaytishda mashina yo‘ldan chiqib ketib, daraxtga urilgan. Buning oqibatida ukam halok bo‘ldi. Guvohlarning aytishicha, YTH paytida mashina rulida sudya bo‘lgan, advokat ukam esa old yo‘lovchi o‘rindig‘i tomondan tashqariga otilib chiqib ketgan. Albatta, rulda kim bo‘lgani tergov jarayonida aniqlanadi. Biz haqiqat qaror topishi tarafdorimiz. Sababi, ukamning to‘rt farzandi yetim qoldi”, degandi oldinroq marhum advokatning Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan opasi.

2024 yil dekabr oyi oxirida Kamoliddin Murodov o‘ziga qarshi suddan yashiringan edi. Shu sababli jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi jinoyat unga qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash va qidiruv e’lon qilish haqida ajrim chiqargan, sud hujjatida sobiq sudya ushlangach Qarshi shahar 5-tergov hibsxonasiga etap qilinishi belgilangandi.  

Mavzuga oid