Jahon | 23:56 / 18.06.2025
6612
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Finlandiya chegarasi yaqinida qo‘shinlarini ko‘paytirmoqda – OAV

Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlar shunga dalolat qilyapti.

Foto: Planet Labs PBC

Rossiya Finlandiya bilan chegara yaqinida harbiylar sonini oshirmoqda, xususan, Kandalaksha shahrida yangi artilleriya garnizoni qurmoqda. Bu haqda Finlandiyaning Yle axborot xizmati sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga tayanib xabar berdi.

Shunday qilib, Kandalakshadagi Lupche-Savino harbiy garnizoni hududida qazish ishlari olib borilgan va bir qancha yangi binolar qad rostlagan. Murmansk viloyati ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, bu yangi artilleriya brigadasini joylashtirish uchun qurilayotgan harbiy shaharcha.

Bundan tashqari, Yle ta’kidlaganidek, Rossiya u yerda hech bo‘lmaganda muhandislik brigadasining bir qismini joylashtirish niyatida, garchi so‘nggi yillarda bu harbiy shaharcha shunchaki omborxona bo‘lgan.

Jurnalistlar tomonidan olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari Rossiya nazoratidagi Kareliyada boshqa harbiy obektlardagi o‘zgarishlarni ham qayd etgan. Finlandiyaning sobiq Sakkola qishlog‘i hududida joylashgan Sapernoye garnizonida ayniqsa katta miqdordagi yangi uskunalar aniqlangan.

Nashrning qayd etishicha, Kareliyada harbiy faollikning kuchayishi ikki sabab bilan izohlanadi. Birinchidan, garnizonlardan askarlarni va eski texnikalarni Ukrainadagi frontga jo‘natish uchun tayyorlash maqsadida foydalanilmoqda. Va bu faollik ma’lum vaqtdan beri sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida qayd etilyapti.

Ikkinchidan, endi Rossiya Finlandiya bilan chegarada harbiy ishtirokini kuchaytirish niyatida ekani ma’lum bo‘ldi.

Rossiya rasmiylari mintaqada harbiy infratuzilmani kengaytirayotganini yashirmaydi. Murmansk viloyati gubernatori Andrey Chibis mintaqada harbiy shaharchalarni modernizatsiya qilish loyihasi amalga oshirilayotgani, buning uchun ular 42 milliard rubl (taxminan 460 million yevro) sarflashni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq Rossiya Finlandiya bilan chegara yaqinida mutlaqo yangi 44-armiya korpusini tashkil etayotgani xabar qilingandi. Bu degani, shu yerdagi rus qo‘shinlari guruhi kamida 15 ming kishiga ko‘payadi.

Bundan tashqari, Rossiya hukumati Petrozavodskda shtab-kvartira va bitta batalyonni o‘z ichiga olgan temiryo‘l qo‘shinlari brigadasi tashkil etilganini e’lon qildi. Bu esa yana bir necha yuz harbiy xizmatchilardir. Bahorda mahalliy nashr shaharda aralash aviatsiya bo‘linmasi shtab-kvartirasi joylashtirilgani haqida ham xabar bergan edi.

Lekin bu hammasi emas. Sankt-Peterburg hududida allaqachon joylashtirilgan brigadalarni bo‘linmalarga aylantirishga qaror qilindi, ya’ni ularning soni ikki-uch barobar ortadi.

Shunday qilib, agar Ukrainaga keng miqyosli hujumdan oldin, Finlandiya hududiga yaqin joylarda Rossiya qo‘shinlari 30 mingga yaqin harbiy xizmatchini tashkil etgan bo‘lsa, kelajakda bu guruh 100 mingga ko‘payishi mumkin.

Yle nashrining qayd etishicha, Rossiya nafaqat Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli quruqlik urushini olib borish, balki Finlandiya bilan chegara yaqinida qo‘shin va qurol-yarog‘lar sonini oshirish imkoniyati ham paydo bo‘lgan ko‘rinadi.

Mavzuga oid