Jahon | 11:34 / 19.06.2025
955
3 daqiqa o‘qiladi

Chexiya hukumati navbatdagi ishonchsizlik votumini yengib o‘tdi

Chexiya muxolifatining Petr Fiala hukumatiga ishonchsizlik votumini bildirishga to‘rtinchi urinishi yana muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Bu safar u Adliya vazirligining sobiq rahbari Pavel Blajyek atrofidagi bitkoin mojarosi bilan bog‘liq edi.

Foto: TASS/AP/Petr David Josek

Chexiya bosh vaziri Petr Fiala hukumati unga ishonchsizlik bildirish bo‘yicha to‘rtinchi urinishdan omon qoldi, deb yozadi 18 iyun, chorshanba kuni mahalliy ČTK gazetasi. Bu safar Chexiya muxolifati tashabbusi bilan berilgan ishonchsizlik votumi Fialaning hamkori va sobiq adliya vaziri Pavel Blajyek atrofidagi kriptovaluta mojarosi bilan bog‘liq bo‘ldi. Pragada muxolif partiyalardan 94 deputat hukumat iste’fosi uchun ovoz berdi. Biroq 200 o‘rinli parlament quyi palatasi uchun zarur bo‘lgan 101 ovozning ko‘pchilik ovoziga yana erishilmadi. Amaldagi koalitsiyadan 98 deputat hukumatni yoqlab chiqdi.

Qayd etilishicha, sobiq bosh vazir Andrey Babishning ANO partiyasi, shuningdek, o‘tgan yildan beri muxolifatda bo‘lgan o‘ta o‘ng SPD va «Qaroqchilar partiyasi» vakillari hukumat iste’fosini yoqlab ovoz bergan. Ishonchsizlik to‘g‘risidagi taklif Chexiya parlamentida taxminan 34 soat davom etgan munozaralarga sabab bo‘ldi. ANO Yevropa Ittifoqi darajasida Avstriyaning FPÖ va Vengriyaning Viktor Orbanning FIDeS partiyasi bilan hamkorlik qiladi, deya aniqlik kiritadi dpa agentligi.

Ishonchsizlik votumiga Chexiya Adliya vazirligi deyarli bir milliard chex kronasiga (taxminan 40 million yevro) kelib chiqishi shubhali bitkoin kriptovalutasini sotganidan so‘ng boshlangan «bitkoin mojarosi» sabab bo‘ldi, deb yozdi ČTK o‘tgan hafta. Vazir Pavel Blajyek iste’foga chiqdi. Muxolifat, shuningdek, moliya vaziri Zbinek Stanyuraning iste’fosini talab qilmoqda. Maqolada ta’kidlanganidek, 18 iyun kungi yig‘ilish ANO partiyasi tashabbusi bilan chaqirilgan.

Chex muxolifatiga ko‘ra, kriptovaluta summasini Adliya vazirligiga muqaddam o‘zlashtirish, giyohvand moddalar savdosi va noqonuniy qurol saqlashda ayblangan tadbirkor Tomash Yirikovskiy o‘tkazgan. Yangi adliya vaziri Yeva Dekrua avgust oyining oxirigacha, ya’ni oktyabr oyida Chexiyada bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan audit o‘tkazib, tekshiruv natijalarini e’lon qilishni rejalashtirmoqda, deb yozadi ČTK.

Mavzuga oid