O‘zbekiston | 16:25 / 19.06.2025
2639
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda limon narxi o‘tgan yilga nisbatan 3 barobar qimmatlashdi. Nega?

O‘zbekistondagi supermarketlarda mahalliy limonning 1 kilogrammi narxi 70 ming so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bir necha barobar yuqori. EastFruit mutaxassislari narxlarning keskin oshib ketganini Turkiyadagi limon inqirozi fonida import narxlari qimmatlashishi va ichki bozordagi zaxiralar kamayishi bilan bog‘lashyapti.

Foto: iStock

O‘zbekistonda limon narxi keskin qimmatlashib ketdi. EastFruit ekspertlarining tahlillariga ko‘ra, odatda iste’molchilar uchun hamyonbop bo‘lgan ushbu meva o‘zining barcha narx rekordlarini yangilayapti. Meva-sabzavot savdosi bilan shug‘ullanuvchilar bu hali eng yuqori chegara emasligidan ogohlantirishgan.

So‘nggi to‘rt hafta davomida O‘zbekiston bozorida limon narxi keskin oshib, rekord o‘rnatgan va 65 foizga qimmatlashgan. Bundan tashqari, limonning hozirgi narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 3 barobar yuqori.

2025 yil 12−13 iyun holatiga ko‘ra, poytaxtdagi yirik supermarketlarda yangi limonning eng arzon chakana narxi bir kilogrammi uchun 53 ming so‘m (4,19 dollar)ni tashkil etgan. Bir oy oldin ushbu mevaning bir kilogrammi 32 ming so‘mdan (2,48 dollar), bir yil avval, 2024 yil iyun oyida, 17 ming so‘m (1,35 dollar) atrofida bo‘lgan.

EastFruit tahlilchilari narxlarning bunday keskin o‘sishiga ta’sir qilgan ikkita asosiy omilni keltirib o‘tishgan.

Turkiyadagi limon inqirozi

O‘zbekiston bozorida import qilinadigan mahsulot ustunligi sababli limon narxi mamlakatdan tashqarida shakllanadi. Bu yerdagi asosiy omil - eng yirik limon eksportchisi Turkiyadagi vaziyat bilan bog‘liq. 2024/2025 yilgi mavsumda ushbu mamlakatda noqulay ob-havo sharoiti tufayli hosilning keskin qisqarishi va mahsulot sifatining yomonlashishi yuz berdi. Aprel oyi boshida Turkiya hukumati ichki bozordagi narxlarni barqarorlashtirish uchun hatto limon eksportini taqiqlash haqida ham e’lon qildi, ammo ertasi kuni bu qaror bekor qilindi. Shunga qaramay, jahon bozorida narxlarning keskin ko‘tarilishi davom etdi. 2025 yil may oyi boshida Turkiyada limonning narxi bir kilogrammi uchun 60 turk lirasiga (1,56 dollar) yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3-4 baravar yuqori. Shundan keyin narxlar faqat ko‘tarilgan. O‘zbekistonga import mahsulotlarni yetkazib berishda logistika xarajatlari ancha yuqori bo‘lgani sababli narxlar shunga mutanosib ravishda ko‘tariladi.

Turkiyada limon sotish mavsumi deyarli yakunlandi, chunki uning zaxiralari joriy yilda juda ham kam edi. Shu bois O‘zbekistonga limon Janubiy yarimshar mamlakatlari, jumladan, uzoq Argentinadan olib kelinyapti. Kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, ichki bozorda import limon mahalliy mahsulotdan arzonroq sotilyapti.

Ichki bozordagi zaxiralarning kamayishi

Ikkinchi omil mavsumiylik bilan bog‘liq. O‘zbekistonda asosan meyyer navli limon yetishtiriladi va iste’mol qilinadi. Uni oddiygina “mahalliy limon” deb atashadi. Mamlakatning iqlim xususiyatlarini hisobga olgan holda, limon bu yerda yopiq maydonlar, isitiladigan va isitilmaydigan issiqxonalarda ekiladi.

Limon yetishtirish bilan asosan kichik ishlab chiqaruvchilar shug‘ullanadi. Ular yiliga uch marta: avgust-sentabr, oktyabr-dekabr va yanvar-fevral oylarida hosil yig‘ib olishadi.

Hosil eng yuqori bo‘ladigan davr oktyabr-dekabr oylaridir. Shunga ko‘ra, ichki bozorda mahalliy limonlar asosan may oyigacha, ya’ni omborlardagi zaxira sotib tugatilgunga qadar mavjud bo‘ladi.

Shu sababli yoz boshiga kelib mahalliy limon deyarli tugaydi, bu esa ularning narxi keskin ko‘tarilishiga olib keladi. 2025 yil 12−13 iyun holatiga ko‘ra, har kilogramm uchun mahalliy limonlarning chakana narxi supermarketlar tarmog‘ida taxminan 70 ming so‘mni (5,53 dollar) tashkil etgan.

Argentinadan import qilingan limonlar arzonroq – 53 ming so‘mdan (4,19 dollar) taklif etilyapti. So‘nggi bir necha yil davomida may-iyundan oktyabrgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda limon narxlarining nisbatan past va barqaror bo‘lishi asosan import hisobiga ta’minlangan.

EastFruit mutaxassislarining xulosa qilishicha, narxlarning sezilarli darajada pasayishi faqat oktyabr-noyabr oylarida, ommaviy terim-yig‘im boshlanganidan keyin yuz berishi mumkin. 

Mavzuga oid