O‘zbekiston | 18:10 / 19.06.2025
6370
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident Qarshidan Shahrisabzga poyezdda bordi va faollar bilan suhbatlashdi

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, Shahrisabz shahridagi ko‘p tarmoqli kardiologiya markazi faoliyati bilan tanishdi.

Shavkat Mirziyoyev 19 iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi shahridan Shahrisabzga poyezdda bordi va mahalliy faollar bilan muloqotda bo‘ldi.

Suhbatda o‘zgarishlar, aholi hayoti, bugungi tinchlik qadri haqida so‘z bordi.

Prezident iqtisodiyot rivoji, aholi kayfiyatida yo‘llarning ahamiyati yuqori ekanini ta’kidlab, bu borada mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Oxirgi 2 yilda yurtimizda 40 ming kilometr yo‘l va 540 ta ko‘prik ta’mirlangan. Bu yil Qashqadaryoda jami 100 kilometr magistral yo‘llar ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Bu loyihalarni tezlashtirish, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Faollar bu o‘zgarishlarni xalqimiz o‘z hayotida sezayotgani, islohotlarga yuqori baho berayotganini aytdi. Xotin-qizlar vakili barcha sohalarda ayollarga keng imkoniyatlar berilgani, natijada ular o‘z oilasi va mehnat jamoalarida qadr topib, hayotidan rozi bo‘lib yashayotganini so‘zlab berdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz shahridagi ko‘p tarmoqli kardiologiya markazi faoliyati bilan tanishdi.

Rossiyalik tadbirkor bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Oq saroy» klinikasi yaqinda ishga tushdi. Bu yerda 4 ta jarrohlik va 6 ta reanimatsiya xonalari, 100 dan ortiq shifo o‘rinlari mavjud. Bir vaqtning o‘zida 4 ta va kuniga 25 tagacha yuqori texnologiyali kardiojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati yaratilgan. Buning uchun Rossiya, Turkiya va Kuvaytdan malakali shifokorlar ishga jalb etilgan. Stentlash, aorta koronar shuntlash, tug‘ma nuqsonlarni bartaraf etish, endoprotezlash kabi davolar samarasi yuqori.

Markaz yuqori aniqlikda tashxis xizmati ham ko‘rsatadi. Masalan, zamonaviy exokardiografiya uskunasi sun’iy intellekt yordamida ishlaydi. Bunaqasi hozircha O‘zbekistonda yagona.

Davlat rahbari bunday innovatsion klinikalar tibbiyotda sifat va dunyoqarashni o‘zgartirishi, boshqalarni ham transformatsiyaga undashini ta’kidladi.

– Bu yerdagi tizimni andoza qilib olib, 14 ta hududimizda shunday klinikalar tashkil etish zarur. Bunga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, topamiz. Faqat zamirida xalqimiz uchun kafolatlangan sifatli davo bo‘lishi lozim. Muqobillik, raqobat bo‘lmasa, sifatga intilish bo‘lmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bu borada taklif tayyorlash, klinikalarni birlamchi bo‘g‘in va tibbiy sug‘urta tizimi bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shifoxonada 130 ta ish o‘rni yaratilgan. Malakali mutaxassislar tayyorlash uchun shu yerning o‘zida klinik ordinatura yo‘lga qo‘yilgan. Prezident bunga alohida ahamiyat qaratib, talaba va shifokorlarning malakasini oshirish, xorijlik mutaxassislar bilan telemeditsinani kengaytirish muhimligini qayd etdi.

Aytish joizki, noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida qashqadaryoliklar orasida yurak qon-tomir xastaliklari ko‘p uchraydi. Yangi klinika va uning qoshidagi markaz ushbu kasalliklarni erta aniqlab tashxis qo‘yish va davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur markaz tomonidan mobil diagnostika mashinalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, chekka hududlardagi aholiga UTT, MSKT, EKG kabi tibbiy xizmatlarni ko‘rsatadi.

Mavzuga oid