O‘zbekiston | 22:31 / 19.06.2025
3311
10 daqiqa o‘qiladi

“Yuksalish” “O‘zsuvta’minot”ga qarshi – ikki tashkilot nega bahslashdi?

“Yuksalish” harakati aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash sohasida qilinayotgan ishlarni tanqid qildi. “O‘zsuvta’minot” bunga raddiya berib, “Yuksalish”ni mas’uliyatsizlikda aybladi. Kun.uz ikki tomon pozitsiyasini ommaga yetkazish maqsadida ularni o‘z studiyasiga chorladi. Ammo faqat “O‘zsuvta’minot” keldi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shokir Sharipov, jurnalist: Kuni kecha “Yuksalish” harakati sohadagi bo‘layotgan ishlarni tanqidga oldi, “yaxshi ketmayapti ishlar” deb. Shu to‘g‘risida biroz to‘xtalsak.

Asiljon Muhiddinov, "O‘zsuvta’minot" AJ bo‘lim boshlig‘i: “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan ichimlik va oqova suv qurilish obektlari o‘rganildi, bir qancha kamchiliklar aniqlanib, keng jamoatchilikka e’lon qilindi. Aniqlangan kamchiliklarni biz qayta o‘rganish jarayonida harakat tomonidan o‘rganish ishlari ma’lum bir tartib-tamoyilga, qonun-qoidaga amal qilinmasdan amalga oshirilganini aniqladik. Qurilish obektiga chiqiladigan bo‘lsa, mana shu yo‘nalishda ma’lum bir salohiyatga, ma’lum bir ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassis ishtirokida o‘rganiladi.

Sh.Sharipov: Bevosita tanqid manbasiga to‘xtalaylik, ular nimani tanqid qilyapti va sizlarning e’tirozlaringiz nimadan iborat?

Islom Abdullayev, "O‘zsuvta’minot" AJ boshqarma boshlig‘i: “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan o‘tgan yili, 2024 yilda qurib bitkazilgan, qurilish-montaj ishlari olib borilgan obektlar o‘rganilgan. Qayta o‘rganishimiz natijasida, ular tanqid qilgan obektlar o‘z isbotini topmadi.

O‘rganish jarayonida noto‘g‘ri yondashuv bo‘lgan. Birinchidan, qurilish obektlari loyiha-smeta hujjatlariga binoan o‘rganilishi kerak. Muhandis-quruvchi, muhandis-texnolog o‘rganishi kerak. Misol uchun, ba’zi bir obektlarga nisbatan “qurilishi yakunlanmagan” deyilgan.

To‘g‘ri, obektlarimizning ayrimlari qurilishi yakunlanmasdan, prezidentning tegishli qarorlari bilan 2025 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan, budjetdan mablag‘ ajratilgan. Shu tariqa, o‘tgan yili boshlagan qurilishni bu yil davom ettirib, yil yakuni bilan foydalanishga topshirish maqsadida. Ular keltirgan 37 ta obektning aksariyat qismi o‘sha – yildan yilga o‘tuvchi obektlar, ular buni “qurilishi yakunlanmagan” deyapti. Inshoot bitmasdan turib, qanday tarmoqqa suv berish mumkin?

Baxtiyor Ergashev, "O‘zsuvta’minot" AJ bo‘lim boshlig‘i: Dehqonoboddagi loyiha haqida. Kuni kecha “Yuksalish” harakati tomonidan e’lon qilingan raddiyada aytilgan: “bugungi kunda loyiha yakunlangan bo‘lsa-da, aholi suv ichmayapti”. Vaholanki, Dehqonobodda boshqa suv manbasi yo‘q. Dehqonobod aholisi bugungi kunda mana shu amalga oshirilgan loyihadan ichimlik suvi bilan ta’minlab kelinyapti. Buning fotoatchotlari ham, video ham, hamma narsalari bizda bor. Lekin ular bu ma’lumotni nimaga tayanib berishgan, bunga aniqlik kirita olmadik.

Sh.Sharipov: Biz “Yuksalish” harakati vakillarini ham bu yerga taklif qilgan edik, lekin ular umumiy bayonot bilan cheklanishga qaror qilgan ekanlar. Kelinglar, masalani kengroq olaylik. O‘zbekiston 3 milliarddan oshiq dollar miqdorida kredit olgan, ichimlik suvi sohasini yaxshilash va kanalizatsiya o‘tkazish uchun. Umumiy qilib aytaylik, nimalarga erishdik shu kungacha?

Asiljon Muhiddinov: Har yili ichimlik suvi va oqova suv xizmatini yaxshilash uchun respublika budjetidan va xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari hisobidan mablag‘lar ajratiladi. Har yili o‘sha mablag‘lar o‘zlashtirilgan holda suv ta’minoti yaxshilab boriladi. 2024 yilda 1,1 million aholi ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Ichimlik suvi bilan qamrov darajasi 78 foizdan qariyb 81 foizga ko‘tarildi. Bu aytayotgan foizlarimiz ortida ne-ne mashaqqatlar, qanchadan-qancha mablag‘lar turibdi. 2017 yildan buyog‘iga hisoblaydigan bo‘lsak, qariyb 20 trilliondan ortiq mablag‘ ajratilgan, suv ta’minoti 63 foizdan 81 foizga yetkazildi. Mana shu tempda suv bilan ta’minlanganlik darajasini 2030 yilga borib 90 foizga yetkazishni reja qilganmiz.

Eskirib ketgan suv inshootlarimizni rekonstruksiya qilishni ham nazarda tutganmiz. Sababi, o‘sha asosiy tarmoqlarimiz 1960-70 yillarda qurib foydalanishga topshirilgan, ta’mirtalab holatda, bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilyapmiz. 2020 yilda suv tarmoqlarimizning ta’mirtalablik holati 25 foiz bo‘lgan ekan. Ya’ni o‘sha jami suv tarmoqlarining 25 foizi yaroqsiz bo‘lgan. Hozir mana shu ko‘rsatkich 19 foizga tushibdi. 6 foizga o‘sha ta’mirtalab tarmoqlarimizni qisqartirdik. Bu jarayonni davom ettirib, 2030 yilga qo‘ygan maqsadlarimiz bor. Bundan tashqari, o‘sha sohani yaxshilash uchun, modernizatsiya qilish uchun yangi texnologiyalar qo‘llanyapti.

Guliston shahri ham katta bir shahar bo‘lishiga qaramasdan, aholisi grafik asosida, jadval asosida suv bilan ta’minlanar edi. Hozirgi kunda qariyb 76 kilometr shahar ichidagi suv tarmoqlarini 1 metr asfaltni buzmasdan turib almashtiryapmiz. Yangicha uslub, gorizontal burg‘ilash uslubidan foydalanyapmiz, ya’ni yopiq transheya usulida. Asfalt ko‘chirilmaydi, yer kovlanmaydi.

Shokir Sharipov: Ya’ni olingan kreditning hajmi kattaligi aynan o‘sha eskirib ketganlik miqdori bilan bog‘liq-da, to‘g‘rimi? SSSR paytidan beri ko‘p joylarda hech narsa yangilanmagan, shunaqami?

Asiljon Muhiddinov: Ha. Sohaga kam mablag‘ ajratilgan. Mana, bugungi kunda sohaga yetarlicha e’tibor ajratilyapti, eskirgan tarmoqlarni yangilashga erishyapmiz. Bundan tashqari, avvalgi davrga qaraydigan bo‘lsak, suv sohasiga xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari tomonidan qiziqish bildirilmagan. Sababi, u sohaga kiritilgan investitsiya, ya’ni kredit, o‘zini oqlamaydi deb hisoblashgan. Sababi, u soha ishonarsiz bo‘lgan. Bugungi kunga kelib, islohotlar natijasida sohaga bo‘lgan ishonch, sohaga bo‘lgan qiziqish ortib, bir nechta xalqaro hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlayapmiz.

Biz iltimos qilib qolar edik, nafaqat “Yuksalish” harakatidan, boshqa jamoatchilik organlari tomonidan ham, agar sohaga qiziqish bildirilayotgan bo‘lsa, eshiklarimiz ochiq. Kerak bo‘lsa joyiga chiqib, ular bilan birgalikda har bitta loyihani ko‘zdan kechirishga tayyormiz.

Juda katta, keng ko‘lamli ishlar ketyapti. Suv resursi tanqis bo‘lgan Qoraqalpog‘iston, Xorazmda asosan yerusti manbalaridan suv olinadi. Yerosti suvlari juda ham yomon, qattiqlik darajasi yuqori. U yerda aholini suv bilan ta’minlash tannarxi yuqori. U yerda ham daryodan suv olamiz, ham yer ostidagi sho‘r suv qatlamini chuchuklashtirish uchun uskunalar olib kelganmiz. Zamonaviy, qattiqlik darajasi yuqori bo‘lgan suvlarni chuchuklashtirib, aholiga uzatib beryapmiz. Yangicha texnologiyalar qo‘llanyapti.

Dehqonobod tumani markaziga suv berilyapti. Yoki Qashqadaryodagi og‘ir G‘uzor tumanini olaylik. G‘uzor tumani 2020 yilda suv bilan ta’minlanganlik darajasi 2 foizni tashkil etardi. Butun respublika bo‘yicha eng qoniqarsiz ko‘rsatkich. Bugungi kunga kelib 50 foizga yaqinlashdi suv bilan ta’minlanganlik darajasi. Buning ketida ozmuncha mablag‘, ozmuncha mehnat yotgani yo‘q.

Shokir Sharipov: Maktablarni suv bilan ta’minlash va hojatxona masalasi bo‘yicha ancha ishlar qilinayotganini bilaman, bu hozir qay holatga yetdi? Qayer qoldi maktablari suv bilan ta’minlanmagan?

Asiljon Muhiddinov: Maktablarda yilning boshida biz Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda xatlovdan o‘tkazilgan ro‘yxatlarini olganmiz. O‘tgan yilning o‘zida 750 ga yaqin maktablarga suv tortilgan. Xatlovga asosan dasturimiz bor.

Shokir Sharipov: Jamoatchilik skeptik bo‘lib qolgan bizda, savol tug‘iladi: bu kolossal miqdordagi pullar, 3 milliard dollardan oshiq pullar, ularni maqsadli sarflash, talon-torojlik, korrupsiya – buning nazorati qanday yo‘lga qo‘yilgan? Kim nazorat qiladi?

Ozod Norboyev, "O‘zsuvta’minot" AJ boshqarma boshlig‘i: Dasturni shakllantirishdan boshlab gapiradigan bo‘lsak, “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyatining hududiy boshqarmalari tomonidan suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan yoki eskirgan tarmoqlarni yangilash maqsadida manzilli ro‘yxatlar shakllantiriladi hamda hududiy xalq deputatlari kengashiga taqdim etiladi. Hududiy xalq deputatlari kengashlari tomonidan qaror tasdiqlanadi va har yilgi – prezident tomonidan tasdiqlanadigan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi bilan manzilli ro‘yxatlar tasdiqlanib, moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritilgan holda qurilish ishlari boshlanadi.

Asiljon Muhiddinov: Qurilishlarni nazorat qilishda qurilish bo‘yicha hududiy injiniring kompaniyalari bor. O‘sha hududiy injiniring kompaniyalarida maxsus sertifikatga ega bo‘lgan texnik nazoratchilar faoliyat yuritadi. Bularning asosiy vazifasi obektga chiqib, qurilish davomidagi shaharsozlik normalari, qoidalariga asosan qurilishlar amalga oshirilishini nazorat qilish, birinchi navbatda. Va bundan tashqari, o‘sha loyiha tashkilotlari bilan birgalikda, u loyiha tashkilotlari tomonidan mualliflik nazorati doimiy obektda, mualliflik nazorati amalga oshiriladi hamda qurilish sohasida uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan ham nazorat, davlat nazorati amalga oshiriladi.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.

Mavzuga oid